18:17 / 01.10.2015
4956

Blatter 2018 yilgi JCh uchun biletlar sotilishida poraxo‘rlikka qo‘l urgani gumon qilinmoqda

FIFA rahbari Yozef Blatter futbol bo‘yicha Rossiyada bo‘lib o‘tadigan 2018 yilgi jahon chempionati va Qatar mezbonlik qiladigan 2022 yilgi JCh o‘yinlari uchun chiptalar sotish huquqini berishda o‘z lavozimidan foydalangan holda poraxo‘rlikka qo‘l urgani gumon qilinmoqda. Bu haqda FIFAning poraxo‘rlikka qarshi kurash qo‘mitasining sobiq a'zosi Aleksandr Vragga asoslanib, L'Equipe xabar bergan.

Xabarda aytilishicha, Blatter chiptalarni tarqatish huquqini o‘z qarindoshi Filipp Blatter faoliyat ko‘rsatadigan Match Hospitality kompaniyasiga bergan. Bu kompaniya esa tegishli tenderda ishtirok etmagan ham.

Biroz oldinroq, Braziliya politsiyasi Match Hospitality kompaniyasi 2014 yilgi mundial uchun chiptalar sotilishida noqonuniy ravishda ishtirok etganidan shubhalangandi. Rio-de-Janeyro politsiyasi 2013 yilda mundial uchun chiptalar sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruhni bartaraf etgan, bu guruh FIFA tomonidan ajratilgan chiptalarni "qora bozor"da sotgani aniqlangandi.

Shveytsariya hukumati 24 sentabr kuni FIFA prezidenti Yozef Blatterga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgandi.

Shuningdek, FIFAning axloq bo‘yicha qo‘mitasi ham unga nisbatan tekshiruvlar boshlagan.

Blatter yaqin vaqt ichida o‘z xohishi bilan ishdan ketmasa, majburan ketkazilishi aytilgan.

FIFA rahbari UYeFA prezidenti Mishel Platiniga noqonuniy tarzda 2 mln shveysar franki o‘tkazib berganlikda gumon qilinmoqda.

Shuningdek, FIFA prezidenti Yozef Blatter uning faoliyati bilan bog‘liq tergov tugagungacha Shveytsariya hududida qolishga majburligi xabar qilingan.

Ma'lumot uchun, Blatter 1998 yildan buyon FIFAga rahbarlik qilib keladi. U 2015 yilning 29 may kunida beshinchi marta prezidentlikka saylangan, lekin ko‘p o‘tmasdan tashkilotdagi mojarolar tufayli o‘z lavozimini muddatidan avval tark etishini e'lon qilgandi.

Top