12:54 / 01.10.2015
10229

O‘zbek olimlari ishlab chiqqan zaharli yem-xo‘rak «Ichan qal'a» davlat muzey-qo‘riqxonasidagi termitlarni batamom qirib tashladi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining O‘simlik va hayvonot olami genofondi institutining entomologiya va mikologiya laboratoriyasi mutaxassislari tomonidan termitga qarshi kurashishga mo‘ljallangan zaharli yem-xo‘rak uchun ikkita patent olindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining O‘simlik va hayvonot olami genofondi instituti direktori o‘rinbosari B.Xolmatov O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga taqdim maqolasida ma'lum qildi.

Maqolada keltirilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining O‘simlik va hayvonot olami genofondi institutining entomologiya va mikologiya laboratoriyasi mutaxassislari termitga qarshi kurashish uchun aralash, ya'ni tarkibida kimyoviy modda va patogenlar bo‘lgan yem-xo‘rakdan foydalandi.

Termitotsid qo‘shimchalar juda oz miqdorda, ya'ni boshqa insektitsidlar uchun qabul qilingan normadan bir necha yuz barobar kam foydalanilgan. Mazkur uslub atrof-muhit musaffoligini asrashga yordam berishdan tashqari termitni ham asta-sekin zaharlaydi. Boshqacha aytganda, bitta ishchi termit yegan yoki olib ketgan ovqat boshqa ishchi termitlar, nimfalar, soldat termitlar va pirovard natijada lichinkalar hamda balog‘atga yetgan zararkunandalarga ta'sir ko‘rsatadi.

Olimlarimiz qo‘llagan va faqat termitlar uchun mo‘ljallangan, tarkibida kasallik qo‘zg‘atuvchi zamburug‘ va bakteriyalar mavjud biologik agentlar ekologik xavfsizlik nuqtai nazaridan u qadar zaharli emas. Ular boshqa turdagi hasharotlarga ta'sir ko‘rsatmaydi, faqat termitlarga qiron keltiradi.

2014 yil Xivadagi yog‘och ustunlari va shiftlarini termit yemirgan «Ichan qal'a» davlat muzey-qo‘riqxonasi machitida shunday yem-xo‘rak sinab ko‘rilgach, bu yerda termit g‘umbaklari asta-sekin kamaydi va ayni paytda yangi g‘umbaklar paydo bo‘lmayapti. Pol ostida ham termit yo‘qoldi.

Kuzatuvlar bunday yem-xo‘rak dala sharoitida ham samarali ekanini tasdiqladi. Bundan tashqari, ular atrof-muhitga zarar yetkazmaydi. Negaki, qo‘llanilayotgan agentlar termitga qarshi yuqori darajada ta'sir ko‘rsatish xususiyatiga ega. Bunday yem-xo‘rakdan foydalanilganda qurilish materiallariga inson salomatligiga ta'sir qiladigan turli kimyoviy preparatlar bilan ishlov berishga hojat qolmaydi.

O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha harakat dasturiga muvofiq, aholi punktlari, madaniy-tarixiy obidalar, strategik obektlar, ishlab chiqarish va boshqa bino hamda inshootlarga katta zarar yetkazadigan termitga qarshi kurashish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.

Masalan, O‘simlik va hayvonot olami genofondi institutining entomologiya va mikologiya laboratoriyasida termitga qarshi yem-xo‘raklarning ta'm beruvchi tarkibi takomillashtirilmoqda, termitning o‘zini tutishiga ta'sir qiluvchi feromonsimon birikmalar tekshirilmoqda, hasharotlar yetilishini izdan chiqaradigan o‘sish gormonlari tadqiq etilayotir, termitni o‘ziga yaqinlashtirmaydigan repellent o‘simliklar aniqlandi. Bu, o‘z navbatida, inshootlarni himoya qilish bo‘yicha profilaktika asoslarini yaratish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Top