17:56 / 01.10.2015
5736

Rossiya Mudofaa vazirligi: IShIDning 12 obektiga aviazarbalar berildi

Rossiya aviatsiyasi bir kun davomida Suriyadagi amaliyotlarda IShIDning 12ta obektini bombardimon qildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi vakili Igor Konashenkov ma'lumot berdi.

“Kunduzgi vaqtda IShIDning sakkizta obekti bo‘ylab 20dan ziyod parvozlar amalga oshirildi. Ularda chuqur modernizatsiyadan o‘tgan Su-24, Su-24M va Su-25 samolyotlari ishtirok etdi. Tungi zarbalar vaqtida esa IShIDning yana to‘rtta obekti nishonga olindi”, - dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, zarbalar chog‘ida Ar-Rafana tumanidagi snaryadlar tayyorlovchi kichik zavodlar va omborxonalar, Idlib tumanidagi aslahalar ombori, shuningdek, Hama tumanidagi jangarilarning qo‘mondonlik punkti yo‘q qilingan.

Konashenkov fuqarolik infratuzilmalari, ayniqsa tinch aholi vakillari bo‘lishi ehtimoli mavjud binolarga aviazarbalar berilmaganini alohida qayd etib o‘tdi. Tinch aholi vakillarining qurbon bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida aviazarbalar sinchkovlik bilan o‘tkazilgan razvedkalardan so‘ng berilgan.

Top