17:02 / 02.10.2015
5740

BMT: 147 mamlakat issiqxona gazlari ajratib chiqarishni kamaytirish bo‘yicha o‘z rejalarini taqdim etdi

Atmosferaga issiqxona gazlarini ajratib chiqarish ulushi 85 foizni tashkil etuvchi 147ta mamlakat ular hajmini kamaytirishga qaratilgan harakatlar rejasini taqdim etdi. Bu haqda 2 oktabr kuni BMT bosh kotibi Pan Gi Mun ma'muriyati ma'lum qildi.

Jahon tashkiloti rahbari ma'muriyati oxirgi muddat hisoblangan 1 oktabr sanasi tugashidan avvalroq Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha BMT Doiraviy Konventsiyasi kotibiyatiga milliy rejalarning kiritilganini ma'lum qilib, buni yil oxirida Parij shahrida imzolanishi rejalashtirilgan iqlim bo‘yicha yangi shartnoma ustida ishlashdagi birinchi ijobiy qadam deb baholadi. Pan Gi Mun davlatlarni mazkur hujjatga ilmiy tadqiqotlar natijalariga mos tarzda “ularni doimiy ravishda qayta ko‘rib chiqib, ishtiyoq va milliy majburiyatlarini oshirib boruvchi tartib-qoidalarni kiritishga chaqirdi.

BMT bosh kotibi rasmiy nomi “milliy darajadagi ulushni belgilash” (INDC) bo‘lgan o‘z milliy rejalarini taqdim etishga ulgurmagan boshqa mamlakatlarni ham bu ishni Parijda o‘tkaziluvchi konferensiya vaqtiga qadar tugallashga chaqirdi. Biroq ular Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha BMT Doiraviy Konventsiyasining 21 dekabrda bo‘lib o‘tadigan forumda taqdim etiladigan jamlovchi hisobotiga biriktirilmaydi.

Fransiya poytaxtida imzolanadigan iqlim bo‘yicha yangi shartnoma 1997 yilda imzolangan Kioto protokoli o‘rnida qabul qilinib, rivojlangan va iqtisodiyoti o‘tish davrida bo‘lgan davlatlarga issiqxona gazlarini ajratib chiqarishni qisqartirish yoki me'yorlashtirish majburiyatini yuklaydi. BMT shafeligi ostida kechuvchi yangi muzokaraviy jarayonning asosiy maqsadi sanoatlashtirish davridan oldingi holat bilan solishtirilganda, Yerdagi havo haroratining Tselsiy bo‘yicha 2 darajadan ko‘tarilmasligi uchun atmosferaga zararli gazlar ajratishni kamaytirishga erishishdan iborat. Aks holda, olimlarning ogohlantirishicha, dunyo ahli Yer ekologiyasi uchun tiklab bo‘lmas darajadagi oqibatlar bilan to‘qnash kelib, jamiyat va iqtisodiyot ham katta zarar ko‘radi.

147 davlat qatorida Braziliya, Germaniya, Hindiston, AQSh, Rossiya, Fransiya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ham o‘z milliy rejasini taqdim etdi. Biroq bir necha kun muqaddam Pan Gi Mun mamlakatlar e'lon qilgan rejalar atmosfera haroratining 2 darajadan oshirmaslik uchun yetarli emasligini ma'lum qilib, dunyo davlatlarini o‘z oldiga yanada ulkanroq maqsadlarni qo‘yishga chaqirdi.

Top