11:36 / 02.10.2015
15212

GM Uzbekistan kompaniyasi Labo mini yuk mashinalarini avtosalonlarga yetkazib berishni boshladi

Ijtimoiy tarmoqda GM Uzbekistan kompaniyasi tomonidan shu yilning iyulida ishlab chiqarilishi boshlangan Labo mini yuk mashinalari tashuv vositalari orqali joylarga yetkazilayotgani tasvirlangan suratlar paydo bo‘ldi.

Shu yilning 27 iyulidan GM Uzbekistan’ning Xorazmdagi zavodida yiliga bunday avtomobildan 5000 dona ishlab chiqarish rejalashtirilayotgani to‘g‘risida ma'lumot berilgandi.

Ushbu kichik o‘lchamdagi yuk mashinasini (550 kg gacha yuk ko‘taradi) ishlab chiqarish O‘zbekistonning 2015 yilga mo‘ljallangan investitsion dasturiga muvofiq o‘zlashtirildi. Loyihaning umumiy qiymati 5,9 mln dollarni tashkil qildi.

Chevrolet Labo yuk mashinasi Damas’ning ochiq bortli kuzovga ega modeli hisoblanadi hamda shahar va qishloq sharoitlarida qisqa masofalarga yuklarni yetkazib berishga mo‘ljallangan.

Avtomobil 38 ot kuchiga ega uch silindrli 0,8 litrli dvigatel va besh pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.

Bu yangi model Xorazm viloyatidagi GM Uzbekistan zavodida ishlab chiqariladigan uchinchi model bo‘ladi. Hozirda bu zavodda Damas va Orlando mashinalari ishlab chiqarilmoqda.

Top