20:18 / 02.10.2015
4480

Mourino: Hozir faoliyatimdagi eng yomon davrni o‘tkazmoqdaman va qancha tanqid bo‘lsa qabul qilaman

"Chelsi" jamoasi bosh murabbiyi Joze Mourino jamoasidagi vaziyat haqida gapirib o‘tdi.

"Aytishim mumkinki, ayni vaqtda men o‘z faoliyatimdagi eng qiyin davrni boshdan kechirmoqdaman. Lekin bu ham bir tajriba. Albatta men bu tajriba uzoq vaqt davom etishini istamayman. Ertagayoq barchasi tugagani yaxshi.
Bunday holat bevaqt keldi. O‘z faoliyatimni boshlaganimdan 15 yil o‘tibgina shunday bosqichga to‘qnash keldim. Bunaqa bosqich 10 yil oldinoq o‘tib ketishi kerak edi.
Lekin menimcha bu ham yaxshilikka bo‘lishi kerak. Buni "juda foydali salbiy tajriba" deya baholash ham mumkin. Natijalarimiz qo‘rqinchli. Menga avval ham shunday omadsizliklar tahdid solgandi, lekin hozirgisi juda yomon vaziyat. Men hech qachon qisqa vaqt ichida bunchalik ko‘p mag‘lubiyatli o‘yinlarni o‘tkazmagandim.
Jamoada ichki ziddiyatlar borligi to‘g‘risida gapirishayaptimi? Biz hamma uchun ochiqmiz. Jamoamizda ayolsifat futbolchilar yo‘q. Barcha futbolchilarim vaziyatni to‘g‘ri tushunib turishibdi va ular tanqidlarni o‘zlariga qabul qilishmoqda. Shu bilan birgalikda o‘z ustilarida ishlashni davom ettirib, keyingi o‘yinlar haqida o‘ylashmoqda.
Bix xatolar ustida ishlayapmiz va keyingi o‘yinlarda bu xatolarni takrorlamaslikka harakat qilamiz. Xato yuz berdimi, demak bu haqida gapirish kerak. Bu haqida murabbiy gapiradi. Birinchi taymda xato sodir etilsa, tanaffusdayoq murabbiy futbolchilar bilan shu haqida gaplashadi. Agar xato ikkinchi taym vaqtida amalga oshirilsa, bu haqda keyingi kunda gaplashiladi.
Chunki, o‘yindan keyinoq xatolar bo‘yicha gaplashish to‘g‘ri emas.
Qolaversa, o‘yinlardan keyin menda loqaydlik kayfiyati bo‘ladi. O‘yinlardan so‘ng, uyga borib dam olishni istayman. Keyingi kunda esa ishga xotirjam tarzda kelaman va o‘z murabbiyligimni boshlayman.
Men murabbiyman. Meni istagancha tanqid qilishingiz mumkin", deydi Mourino.

Top