07:09 / 02.10.2015
5433

Oq uy: AQSh va Rossiya harbiylari Suriya bo‘yicha birinchi maslahatlashuvlarni o‘tkazishdi

Rossiya Mudofaa vazirligi va Pentagon bir soatga yaqin Suriyada ixtiloflardan qochish yo‘llarini videoanjuman aloqa orqali muhokama qilishdi, deb ma'lum qildi matbuot-anjumanida Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi ma'lum qildi.   

“Bugun AQSh Mudofaa vazirligi rasmiy shaxslarining rossiyalik hamkasblari bilan suhbati bo‘lib o‘tdi. Qo‘ng‘iroq bir soatga yaqin videoanjuman ko‘rinishida davom etdi”, deb aytdi Ernest.  

Ernestning aytishicha, suhbatda AQShdan Eshton Karterning xalqaro xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisi Alisa Slatken ishtirok etdi.

“Suhbat AQSh va Rossiya Suriyadagi ixtiloflarning oldini olish bo‘yicha qanday hamkorlik qilishlariga bag‘ishlandi”, deb ta'kidlab o‘tdi Ernest.

Avvalroq AQSh mudofaa vaziri Eshton Karter AQSh va Rossiya harbiylari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda axborot almashuv, AQSh harbiylarining xavfsizligi va AQShning bu mintaqadagi mudofaa siyosatining o‘zgarmasligi muhokama qilinishini aytgan edi.

Top