23:43 / 02.10.2015
8693

Xabardor.uz: Taqdirga tan bergan akula

Bir dengiz biologi quyidagicha tajriba o‘tkazgan. U akulani suv to‘ldirilgan ulkan idishga joylashtirgan va idishga ko‘pgina baliq tashlagan. Akula darhol ularning oldiga suzib borgan va baliqlarni paqqos tushirgan.

Shunda olim idishga zarbaga chidamli shaffof oynadan to‘siq qo‘yib shishani ikki qismga ajratgan. Akula to‘siqning bir tomonida qolgan, to‘siqning ikkinchi tomoniga esa biolog baliqlarni joylashtirgan.

Akula yana baliqlarni yeyish uchun o‘zini tashlagan, lekin oynaga urilgan. Bu uni to‘xtatmagan, u har ikki daqiqada o‘zini baliqlar tomonga uravergan. Nihoyat, bir soatdan so‘ng akula o‘zini to‘siqqa urishni bas qilgan.

Bir necha hafta davomida shu holat davom etgach, akulaning o‘zini oynaga urishlari kamayib boravergan va nihoyat baliqlarga tashlanishdan to‘xtagan.

Shundan so‘ng olim to‘siqni olib tashlagan, lekin akula baliqlarga hujum qilmagan. U o‘zi va baliqlar o‘rtasida to‘siq borligiga shunchalar o‘rganib qolganki, to‘siq olib tashlanganidan keyin ham harakati befoyda bo‘lishi mumkinligini o‘ylab oldinga harakat qilmagan.

Xulosa: bizning aksariyatimiz ham omadsizlikka uchragach, ruhan taslim bo‘lamiz va urinib ko‘rishdan to‘xtaymiz. Xuddi akula kabi o‘tmishdagi omadsizligimiz hozir ham, kelajakda ham davom etayotganiga ishonib qolamiz. Boshqacha qilib aytganda, aslida oldimizda hech qanday to‘siq bo‘lmasa ham biz xayolan o‘sha to‘siqni ko‘raveramiz. Bu ko‘rinmas to‘siq bizni oldindagi maqsadimizdan ajratib turaveradi. 

Manba: xabardor.uz

Top