12:38 / 05.10.2015
6642

AQShda neft qazib olish hajmi pasaytirilgach, dunyo bozorida neft narxlari o‘sdi

5 oktabr kuni dunyo bozorida neft narxi ko‘tarildi. Bunga AQShda mahsulotni qazib chiqarishning kamayishi sabab sifatida ko‘rilmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar bergan.

Xabarda aytilishicha, Brent turidagi neft narxi London birjasidagi savdolarga ko‘ra 0,23 (0,48 foiz) dollarga ko‘tarilgan va bir barreli 48,36 dollarni tashkil etgan.

WTI turidagi neft narxi esa Nyu-York tovar birjasidagi elektron savdolar yakuni bo‘yicha 0,29 (0,64 foiz) dollarga oshgan va bir barreli 45,83 dollarga baholangan.

O‘tgan haftada Brent turidagi neft narxi 1 foizga, WTI turidagi neft narxi 0,3 foizga pasaygandi.

Baker Hughes kompaniyasi ma'lumotlariga ko‘ra, shu haftada AQShdagi neft qazib olish nuqtalari 26taga kamaygan va 614taga tushgan. Bu keyingi 5 yil ichidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Bundan tashqari, AQSh energetika vazirligi har kuni qazib olinadigan neft hajmini 40 ming barrelga kamaytirish va kunlik hajmni 9,1 mln barrelga tushirish haqida qaror qilgani ma'lum bo‘lgan.

Top