12:45 / 05.10.2015
4135

«Liverpul»: Sovrinlar yutishni istaymiz, shuning uchun murabbiyni almashtirdik

Angliyaning «Liverpul» klubi rahbariyati jamoa bosh murabbiyi Brendan Rojyersning iste'foga chiqarilishi bo‘yicha rasmiy bayonot bilan chiqdi. Bu bayonot jamoa rasmiy saytida joylashtirilgan.

«Biz Brendan Rojyersga jamoani rivojlantirish yo‘lida tinmay mehnat qilgani va bu yo‘lda muhim rol o‘ynagani uchun minnatdorchilik bildiramiz. Brendan bilan hamkorlikda olib borilgan ish jarayonida biz ulkan tajriba to‘pladik va ishonchimiz komilki, bu bizga uzoq vaqt yordam beradi.

Iste'fo haqidagi qarorni qabul qilish biz uchun oson bo‘lgani yo‘q, ammo ishonamizki bu qaror bizni muvaffaqiyatlar sari yetaklaydi. Biz to‘liq ambitsiyaga egamiz va «Liverpul» faqat g‘alaba qozonishini istaymiz. Mana shunday murakkab vaziyatda eng to‘g‘ri yo‘l – murabbiyni almashtirish deb hisoblaymiz.

Yangi murabbiyni tayinlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Biz imkon qadar bu ishni tezroq amalga oshirishga harakat qilamiz», – deyiladi «Liverpul» klubi rasmiy saytida berilgan bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, Rojyers «Liverpul»ni 2012 yildan buyon boshqarib kelgandi. Bu muddat davomida u ikki marta Angliyada oy murabbiyi deb topilgan. 42 yoshli shimoliy irlandiyalik mutaxassis Liga murabbiylar Assotsiatsiyasi talqiniga ko‘ra 2013/14 yilgi mavsumning eng yaxshi murabbiyi deb tan olingan.

Rojyers rahbarligida jamoa 165 uchrashuvda maydonga chiqib 83 g‘alaba, 40 durang va 42 mag‘lubiyatni qayd etgan.

Rojyers «Liverpul» tomonining shartnomani bekor qilgani uchun 7 mln. funt sterling miqdorida tovon puli oladi.

Oldinroq, «mersisaydliklar» Dortmundning «Borussiya» klubi sobiq bosh murabbiyi Yurgen Klopp bilan uch yillik shartnoma borasida kelishib olishgani xabar qilingandi.

Top