21:52 / 06.10.2015
5506

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bahraynga yetib keldi

Toshkentdan Bahrayn poytaxtiga 4 soatlik parvozdan keyin futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Manamaga yetib keldi. 8 oktabrda Manamada O‘zbekiston va Bahrayn terma jamoalari o‘rtasida 2018 yilgi Jahon chempionati va 2019 yilgi Osiyo kubogining birlashgan saralash uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston terma jamoasi matbuot kotibi Sanjar Rizayevning xabariga ko‘ra, terma jamoamiz bugunoq o‘zining birinchi mashg‘ulotini o‘tkazadi.

"Bugun, 6 oktabrda taxminan soat 10 larda milliy terma jamoamiz delegatsiyasi charter reysi bilan Bahraynga uchib ketdi. 4 soatlik parvozdan keyin jamoa Manamaga yetib keldi va mehmonxonaga joylashdi. Ayni paytda Manamada kunning yarmi bo‘lib, harorat 38 gradus issiqni tashkil qilmoqda.

Bahrayn bilan uchrashuv mahalliy vaqt bilan 18:00da (Toshkent vaqti bilan 20:00da) boshlanadi. Buni hisobga olib, O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabi bugungi mashg‘ulotni aynan shu vaqtda o‘tkazishga qaror qildi", deb ma'lum qilmoqda Sanjar Rizayev.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, 19 yoshgacha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Toshkentdagi "Jar" stadionida 14 va 16 noyabr kunlari Belarus (U-19) o‘smirlar terma jamoasiga qarshi ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi.

Top