10:29 / 06.10.2015
3595

Harbiylar Meksika shimolida 23 tonna marixuanani musodara qilishdi

Meksikalik harbiylar mamlakat shimolidagi Sinaloa shtatida muvaffaqiyatli amaliyotni o‘tkazishdi, deya xabar berdi hudud hukumati vakili. Kuliakan munitsipalitetida giyohvandfurushlarning maxsus xaltalarga solinib, avtomobillarda olib ketishda tayyorlab qo‘yilgan marixuana ombori aniqlandi.

Noqonuniy yukning umumiy vazni 23,3 tonnani tashkil etdi. Shuningdek, omborxonadan 10 kg miqdoridagi metamfetamin deya taxmin qilinayotgan kristall shaklidagi modda, 8 dona avtomat qurol, turli kalibrdagi 13 to‘pponcha va ular uchun aslahalar topildi.

General-polkovnik Roxelio Teran Kontrerasning jurnalistlarga ma'lum qilishicha, harbiylar 2015 yilning yanvar-sentabr oylarida birgina Sinaloa shtatida ko‘plab nasha va ko‘knor o‘simligi dalalarini yo‘q qilib, 76 tonna marixuana va 438 kg kokainni musodara qildi, 67ta narkotiklar tayyorlash laboratoriyasini fosh etdi.

Tezkor qidiruv amaliyotlarida giyohvand moddalar savdosida aloqadorlikda gumon qilingan 151 kishi qo‘lga olindi, shuningdek, 350 dona o‘q otar qurollar olib qo‘yildi.

Top