09:07 / 06.10.2015
2599

OAV: AQSh Afg‘onistonda 2016 yildan keyin 5 ming nafar harbiysini qoldirishi mumkin

AQSh prezidenti Barak Obama Afg‘onistonda 2016 yildan keyin 5 ming nafar harbiy qoldirilishi mumkinligiga yo‘l qo‘ymoqda. Bu harbiylar Afg‘oniston milliy armiyasiga "Tolibon" harakati va "Al-Qoida" guruhlari jangarilari bilan kurashda ko‘mak beradi.

Bu haqda AQShning rasmiy shaxslari ma'lum qildilar va bu masala bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmaganini ta'kidlab o‘tdilar.

Yaqinda Qunduz shahrining toliblar tomonidan bosib olinishi va bir necha kundangina ozod etilishi Obamaning Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqib ketish bo‘yicha dastlabki rejalarini qayta ko‘rib chiqishi imkoniyatini oshirmoqda, deb hisoblamoqda Washington Post nashri. Nashr saytida joylashtirilgan xabarda Afg‘onistonda harbiylarni qoldirish taklifini avgust oyida AQSh qurolli kuchlari shtablari boshliqlari ko‘mitasiga boshchilik qiluvchi general Martin Dempsi taklif qilganligi ko‘rsatilgan.

Afg‘onistonda AQSh kuchlariga qo‘mondonlik qiluvchi general Jon Kempbell Pentagon va Oq uyga qo‘shinlarni olib chiqib ketishning 5 ta variantini ko‘zda tutuvchi taklifni bildirdi. Unga ko‘ra 2016 yildan keyin Afg‘onistonda bir necha yuzdan bir necha minggacha harbiy qolishi mumkin. Ayni paytda xalqaro kuchlar Afg‘oniston armiyasiga tayyorgarlik borasida ko‘mak bermoqdalar va jangovor harakatlarda ishtirok etmaydilar.

Top