18:15 / 06.10.2015
3532

Pokistondagi ish tashlashlar sababli 70dan ziyod aviareyslar bekor qilindi

Pokistonda mamlakatdagi eng yirik aviatuvchi hisoblangan Pakistan International Airlines (PIA) aviakompaniyasi uchuvchilari e'lon qilgan ish tashlashlar sababli o‘tgan bir kun davomida ichki va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha eng kamida 70ta aviareys bekor qilindi. Bu haqda Pokistonning Geo TV telekanali xabar qildi

O‘tgan haftada PIA uchuvchilari kasaba uyushmasi kompaniya rahbariyati va mamlakat hukumatiga oylik maoshlar hamda boshqa ijtimoiy to‘lovlarni oshirish, shuningdek, mehnat sharoitlarini yaxshilash so‘rovi bilan murojaat qilgan edi. Biroq Pokiston Vazirlar Mahkamasi mazkur murojaatni ko‘rib chiqqanidan so‘ng uchuvchilar talabini bajarishni rad etdi. Mazkur qarordan norozi bo‘lgan uchuvchilar ish tashlash e'lon qilishdi. Xabar qilinishicha, aviakompaniya allaqachon 500 mln Pokiston rupiysi (taxminan $5 mln) atrofida zarar ko‘rdi.

Aviakompaniya rahbariyati uchuvchilarga ish tashlashni to‘xtatish talabi bilan chiqib, aks holda ularni ishdan bo‘shatishni ma'lum qildi. Hozircha uchuvchilar tomonidan javob olingani yo‘q, deya ma'lum qildi telekanal.

Top