23:45 / 07.10.2015
4287

Erdo‘g‘an: IShID islomni din sifatida obro‘sizlantirmoqda

IShID terrorchilik guruhi islomning din sifatidagi obro‘siga putur yetkazmoqda, deb aytdi Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 7 oktabrda Yaponiyaga tashrifi paytida.

Erdo‘g‘anning Tokioga rasmiy tashrifi 7 oktabrda boshlandi. Erdo‘g‘an 8 oktabrda Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe va Yaponiya imperatori Akixito bilan uchrashishi rejalashtirilgan. Erdo‘g‘an, shuningdek, unga Vased universitetining faxriy doktori unvoni berilishi marosimida ham ishtirok etadi va Turkiya hukumati huzuridagi investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va jalb qilish agentligi tomonidan tashkil etilgan seminarda tadbirkorlarga nutq so‘zlaydi.

"Islom – tinchlik dini. Islom nomi ostida harakat qilib, dinimizning tinchlikka chaqiruviga soya soluvchi taniqli terrorchilik guruhlari mavjud. Bunday guruhlardan biri – IShID", deb aytdi Erdo‘g‘an Tokiodagi masjidga tashrifi paytida.

Turkiya prezidenti dunyoda terrorchilik kuchayotgan hozirgi bir vaqtda islomning tinchlikka chaqiruvi tobora dolzarb bo‘lib borayotgani va albatta amalga oshirilajagiga ishonch bildirdi. Erdo‘g‘an, shuningdek, G‘arbda, misol uchun "islom terrori" kabi tushunchani qo‘llagan holda islomga putur yetkazishga qaratilgan kampaniyalar o‘tkazilayotganini ta'kidlab o‘tdi.

Top