08:35 / 07.10.2015
16863

Kun.uz “Eng yaxshi yangiliklar sayti” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi

6 oktabrda “Turkiston” saroyida yoshlar o‘rtasida “MIT.uz” milliy internet tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan sakkiz yuzdan ortiq internet sayt muallif va ishlab chiquvchilari qatnashdi. Jumladan, “Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturi to‘g‘risidagi eng yaxshi sayt”, “O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini aks ettiruvchi eng yaxshi sayt”, “O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini aks ettiruvchi eng yaxshi sayt”, “Davlat boshqaruvi sohasidagi eng yaxshi sayt” va boshqa yo‘nalishlarda g‘oliblar aniqlandi.

“Eng yaxshi yangiliklar sayti” nominatsiyasi tadbir qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Bugun mamlakatimizda internet-jurnalistika sohasi jadal rivojlanib, veb-nashrlar o‘rtasida keng auditoriyani jalb qilish bo‘yicha raqobat tobora kuchayib bormoqda. Tanlovda ko‘plab yangiliklar saytlari ishtirok etgani ham shundan dalolat beradi. Ana shu nominatsiya bo‘yicha yilning eng yaxshi sayti «Kun.uz» deb e'tirof etildi.

Mamlakatimizda internet-jurnalistikani rivojlantirish, O‘znet saytlarining yoshlar uchun jozibadorligini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Tanlovda g‘olib bo‘lganimiz milliy internet segmentini muhim va qiziqarli axborot bilan yanada boyitishga undaydi. – deydi «Kun.uz» yangiliklar sayti rahbari Maqsudjon Asqarov.

Yana shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, saytning bu darajada yuksak e'tirof etilishiga uning doimiy va keng qamrovli o‘quvchilarining ham hissasi benihoya kattadir.

Milliy internet tanlovi g‘olib va sovrindorlariga diplom va mukofotlar topshirildi.

Mavzuga oid
Top