21:17 / 07.10.2015
5060

O‘zbekistondagi OO‘Yulariga qabul uchun o‘tkazilgan test sinovlari yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi

5 oktabr kuni Milliy matbuot markazida o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy o‘quv yurtlari, shuningdek, oliy harbiy ta'lim muassasalarida o‘tkazilgan test sinovlari yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, Xalq ta'limi vazirligi vakillari va jurnalistlar ishtirok etdi.

Anjumanda mustaqillik yillarida Kadrlar tayyorlash milliy dasturining amalga oshirilishi samarasida o‘n ikki yillik uzluksiz ta'lim tizimi yaratilgani, ko‘p tarmoqli kasb-hunar kolleji va akademik litseylar, oliy o‘quv yurtlari tashkil etilgani ta'kidlandi. Ushbu ta'lim muassasalarida yoshlarimiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni puxta egallamoqda. Joriy yilda ta'lim muassasalariga qabul Prezidentimizning shu yil 23 iyundagi «2015/2016 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga qabul to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Q.Haqberdiyevning so‘zlariga ko‘ra, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'lim muassasalarida bo‘lib o‘tgan test sinovlarida mamlakatimizning barcha hududlaridan 91 mingdan ziyod umumta'lim maktabi bitiruvchilari ishtirok etdi. Ular uchun 11 fan bo‘yicha o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida 10 mingdan ortiq test savollari tuzildi.

Bu yil oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun 605,8 ming abituriyent hujjat topshirdi.

Matbuot anjumanida ularning aksariyati tibbiyot, iqtisodiyot, harbiy ish, yurisprudensiya mutaxassisligi bo‘yicha hujjat topshirgani ta'kidlandi. Joriy yilda Toshkent tibbiyot akademiyasining Farg‘ona filialiga eng ko‘p abituriyent hujjat topshirdi. Bu yerda bir o‘ringa 25,8 abituriyent to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, Termiz davlat universitetida 20, Toshkent davlat stomatologiya institutining Andijon filialida 19,2 abituriyent to‘g‘ri keldi.

Tadbirda olti oliy o‘quv yurtida xitoy tili va filologiyasi, sharq falsafasi va madaniyati, sanoat korxonalarida energoaudit va energetik tekshiruv, kon elektromexanikasi, marksheyderlik ishi, korporativ boshqaruv hamda g‘aznachilik ijrosi kabi yettita yangi ta'lim yo‘nalishi tashkil etilganiga alohida e'tibor qaratildi.

Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.

Top