22:08 / 07.10.2015
4213

To‘rt davlat temir yo‘l tashkilotlari yuklar butligini ta'minlashda hamkorlik qilishga kelishib oldilar

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya va Qirg‘iziston temir yo‘l kompaniyalari yuklarning butligini ta'minlashda hamkorlik qilish borasida kelishib oldilar.

Hamkorlik haqidagi kelishuv Olma-otada "Harbiylashtirilgan temir yo‘l qo‘riqlash xizmati" AJ ("Voyenizirovannaya jyeleznodorojnaya oxrana"), "Rossiya Federatsiyasi temir yo‘l transporti qo‘riqlash tashkiloti" federal davlat korxonasi (" Vedomstvennaya oxrana jyeleznodorojnogo transporta Rossiyskoy Federatsii"), "Kyrgyz temir jolu" davlat korxonasi va "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ bilan imzolandi.

Temir yo‘l mutaxassislarining uchrashuvida hamkorlik va o‘zaro harakatlar, Yevroosiyo hududi bo‘ylab tezkor konteyner poyezdlari tomonidan yuklar butligini ta'minlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv ishtirokchilari temir yo‘l transporti yuklari va obektlarini harbiylashtirilgan qo‘riqlashni tashkil etish bo‘yicha tajribalar bilan almashishdi. Yuklarni xalqaro tashishlarda ham o‘zaro harakatlar masalalari muhokama qilindi. Gap mutassadi tashkilotlar tomonidan qabul qilish-topshirishni tashkil qilish, qo‘riqlanayotgan yuklarning chegara topshirish stansiyalariga kelgani haqidagi ma'lumotni taqdim qilish, yo‘lda nosozliklarni aniqlash va qo‘riqlashda elektron qulf-plombalash qurilmalarini qo‘llash haqida bordi.

Top