Qatar poytaxti Doha shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan jahon chempionatida o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari zafarli odimlashda davom etishmoqda.
7 oktabr kuni o‘tkazilgan bahslar davomida eng og‘ir vazndagi bokschi Bahodir Jalolov (+91 kg) ham o‘zining birinchi jangini g‘alaba bilan yakunladi. Jazoir vakili Muhammad Grimesga qarshi bahs yuritgan hamyurtimiz raqibidan ancha ustun ekanligini namoyish etdi va 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bahodir Jalolov 9 oktabr kuni o‘tkaziladigan nimchorak finalda kubalik Liner Peroga qarshi ringga ko‘tariladi.
Shu tariqa, kecha ringga ko‘tarilgan o‘zbekistonlik uch nafar charm qo‘lqop ustalari Elnur Abduraimov (-60 kg), Elshod Rasulov (-81 kg) va Bahodir Jalolov (+91 kg) dastlabki g‘alabalarni qo‘lga kiritib, sovrinli o‘rinlar uchun kurashni davom ettiradigan bo‘lishdi.
Eslatib o‘tamiz, birinchi kun bo‘lib o‘tgan musobaqalarda Murodjon Ahmadaliyev (-56 kg) va Bektemir Meliqo‘ziyev (-75 kg) raqiblari ustidan ishonchli g‘alabalarni qo‘lga kiritishgan edi.
Ikkinchi kungi musobaqalar yakuniga ko‘ra, jahon chempionatiga yo‘l olgan jami 9 nafar charm qo‘lqop ustalarimizdan 5 nafari dastlabki bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Yana to‘rt nafar o‘zbekistonlik bokschi bugundan bahslarga kirishadi.