22:40 / 09.10.2015
6936

Pentagon rahbari Rossiyaning 4 ta raketasi Eron hududiga tushganini ta'kidlamoqda

AQSh mudofaa vaziri Eshton Karter avvalroq OAVlarda paydo bo‘lgan, AQSh ma'lumotlariga ko‘ra, “Rossiyaning Suriyaga otgan kamida 4 ta raketasi Eronga tushgani” haqidagi xabarni tasdiqladi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi ma'lum qildi.

Karter Londonda Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Maykl Fellon bilan birgalikdagi matbuot-anjumanida Pentagon raketalarning tushishiga ularning nosozligi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni bildirdi.

Bundan bir kun avval CNN telekompaniyasi AQShdagi ikkita yuqori lavozimdagi shaxsga iqtibos keltirgan holda Kaspiy dengizidan Suriyaga otilgan Rossiya raketalari manzilga yetib bormay, Eronga tushganini ma'lum qilgandi. Manbalardan biri buning oqibatida qurbonlar bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan, biroq ikkinchi manba bu axborotni tasdiqlamagan.

Rossiya Mudofaa vazirligida CNN bergan axborot rad etildi va otilgan raketalar o‘z nishoniga tekkani aytildi.

RIA “Novosti” axborot agentligining Eron Mudofaa vazirligidagi manbasi ham Rossiya raketalarining Eron hududiga tushgani haqidagi axborotga ega emasligini ma'lum qildi. Bu holatga Rossiya prezidenti Vladimir Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov o‘z munosabatini bildirdi.

“Kremlda bunga qanday munosabatda bo‘lish emas, balki Eronda qanday munosabatda bo‘lish muhim, Eronda esa bu xabarlar inkor etildi”, deb aytdi Peskov.

Top