08:32 / 09.10.2015
5263

Samvel Babayan: «O‘yinni to‘g‘ri tashkil qilganimiz uchun yirik hisobda g‘alaba qozondik»

Jahon chempionati-2018 ikkinchi saralash bosqichi 5-tur o‘yinlari doirasidagi Bahrayn – O‘zbekiston (0:4) uchrashuvidan so‘ng matbuot anjumani tashkil etildi.

"Birinchi navbatda o‘zbekistonlik barcha futbolchi muxlislarini g‘alaba bilan tabriklayman. Juda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdik.

O‘yinga to‘xtaladigan bo‘lsam, birinchi bo‘limda biz o‘yinni nazorat qildik. Ikkinchi taymda esa yuzaga keltirgan vaziyatlardan unumli foydalandik. Bugun futbolchilar berilgan vazifalarni aniq bajarishdi. Bizning maqsadimiz keyingi o‘yinlarda ham g‘alabalarni qo‘lga kiritish. Biz har bir o‘yinga raqibni puxta o‘rgangan holda tayyorlanamiz.

Bahrayn bugun yutqazdimi yoki biz g‘alaba qozondikmi? Bahraynni kuchsiz raqib demagan bo‘lardim. Bunday desak adolatdan bo‘lmaydi. Bu jamoa ishtirokidagi o‘yinlarni ko‘rdik, ularni yaxshi o‘rgandik. Bahraynning KXDRga qarshi uchrashuvini tomosha qilgandik, ular bu bahsda mag‘lubiyatga munosib o‘ynashmagandi. Biz ularning yetakchi futbolchilarini zararsizlantira oldik va ular istagan futbolni ko‘rsatishlariga to‘sqinlik qildi. Shu boisdan bugun darvozamizni quruq saqlay oldik. To‘rtta gol urganimizga kelsak, bizning hujumdagi guruhimiz juda kuchli ijrochilarga ega. Ular o‘yindan-o‘yinga o‘zaro bir-birlarini tushunib harakat qilishmoqda. O‘yinimiz ham asta-sekin barqarorlashib bormoqda. Bu esa quvonarli holat", - deydi Samvel Babayan.

Top