15:23 / 10.10.2015
5006

Xitoy bahsli Spratli orollariga 2ta mayoq o‘rnatdi

Xitoy hukumati Janubiy Xitoy dengizi hududida joylashgan Spratli arxipelagiga (Chyongsha) 2ta mayoq o‘rnatish ishlari yakunlangani haqida ma'lum qildi.

Xitoydagi rasmiy OAVlardan biri ma'lumotiga ko‘ra, bu mayoqlar orollar akvatoriyasida kemalarning halokatga uchrashi ehtimollarini kamaytiradi. Kelgusida bu hududda Xitoy tomonidan yana yangi mayoqlar o‘rnatilishi mumkin.

Qayd etish kerakki, Spratli arxipelagiga birato‘la 6ta davlat: Xitoy, Vetnam, Tayvan, Malayziya, Filippin va Bruney da'vogarlik qiladi.

Shu yilning yozida Xitoy bu arxipelagdagi orollardan birida uchish-qo‘nish yo‘lagiga ega aerodrom qurgani haqida ma'lumotlar paydo bo‘lgandi.

AQSh tomoni Xitoyning Janubiy Xitoy dengizida qurilishlarni amalga oshirishini uning bu hududda o‘z ta'sir doirasini kengaytirishga urinishi sifatida baholagan.

Aprel oyida AQSh Davlat departamenti vakili Jyeff Ratke Xitoy tomonidan Janubiy-sharqiy Osiyo mamlakatlari tinchligiga tahdid solinayotgani haqida aytib o‘tgandi. U Xitoy tomonidan Janubiy Xitoy dengizida sun'iy orollar paydo bo‘layotganidan xavotirlarini bildirib o‘tgan.

Top