16:21 / 11.10.2015
3742

Belarus MSK: mamlakatda prezidentlik saylovida ovoz berish 50 foizdan oshdi

Belarusda prezidentlik saylovlarining rasman tan olinishi uchun zarur bo‘lgan 50 foizdan ziyod ovoz berib bo‘lindi. Bu haqda mamlakat Markaziy saylov komissiyasi ma'lum qildi.

MSK rasmiy saytida e'lon qilingan xabarda keltirilishicha, shu vaqtga qadar saylovchilarning 51,2 foizi ovoz berib bo‘ldi. Hududiy olib qaraganda, 50 foizlik chegara faqatgina poytaxt Minsk shahrida qayd etilmagan. Bu yerda saylovchilarning 39,39 foizi o‘z ovozlarini berishdi.

Ayni paytda Belarus prezidentligi uchun to‘rt nomzod kurash olib bormoqda: amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko, Belorus Liberal-demokratlar partiyasi yetakchisi Sergey Gaydukevich, Belorus vatanparvarlar partiyasi rahbari Nikolay Ulaxovich va “Haqiqatni so‘zla” muholifat kampaniyasi faoli, Belarus tarixidagi ilk ayol nomzod - Tatyana Korotkevich.

Saylovlarda 6,995 mlndan ziyod kishi qatnashish huquqiga ega. Ovoz berish uchun esa mamlakat va uning tashqarisida 6,013 ming saylov uchastkasi tashkil etildi.

Top