12:13 / 11.10.2015
26220

Ijtimoiy tarmoqlardagi eng mashhur musulmonlar kim?

Savol: Facebook va Twitter tarmog‘idagi eng mashhur musulmonlar kimligi haqida ma'lumot bersangiz. (Xurshid)

Javob: Yaqinda chop etilgan Iordaniya Qirollik strategik islom ta'limi markazi e'lon qilgan “Jahonning eng obro‘li musulmonlari 500 taligi” kitobida ma'lumot berilishicha, Facebook tarmog‘idagi eng mashhur musulmon germaniyalik 26 yoshli turk futbolchisi Mesul O‘zildir. Germaniya terma jamoasi va Angliyaning “Arsenal” klubi yarim-himoyachisi Mesutning tarmoqdagi muxlislari soni 28,7 million nafardan oshadi.

Facebook tarmog‘idagi eng mashhur musulmonlar ro‘yxatining 2-o‘rnini shvetsiyalik 34 yoshli xonanda Mohir Zeyn egallab turibdi. Asli Livanda tug‘ilgan xonanda islomiy qo‘shiqlari bilan mashhurdir. Uning tarmoqdagi muxlislari soni 25,2 million nafardan oshadi.

Hindistonlik 48 yoshli bastakor A.R. Rahmon 21 milliondan ortiq muxlislari bilan uchinchi o‘rinda. A.R. Rahmon “Oskar” va “Oltin globus” mukofotlari sovrindori.

Ro‘yxatning 4-qatoridan o‘rin olgan angliyalik 22 yoshli xonanda Zayn Malikning muxlislari soni 20 million nafardan oshadi.

37 yoshli misrlik da'vatchi va teleyulduz Mustafo Husniy 19 millionlik muxlislari bilan 5-o‘rinda. Saudiya arabistonilik olim, qirol Saud universiteti professori Muhammad al-Arifiyning muxlislari soni ham 19 milliondan oshadi (6-o‘rin). Misrlik yana bir da'vatchi Amr Xolidning muxlislari ham 18 milliondan ortiq (7-o‘rin).

Misrlik xonanda Tamer Husniy (16 million muxlis, 8-o‘rin) va Amr Diab (14 million muxlis, 10-o‘rin), hindistonlik aktyor Amir Xon (15 million muxlis, 9-o‘rin) kuchli o‘nlikdan joy egallashgan.

Facebook tarmog‘idagi eng mashhur qori quvaytlik Shayx Mishariy Roshid Al-afasiy bo‘lib, uning muxlislari soni 13 milliondan oshadi (11-o‘rin). Eng mashhur musulmon siyosatchi esa Turkiya prezidenti Rajab Tayyib Erdog‘andir (8 million muxlis, 18-o‘rin).

Twitter tarmog‘idagi eng mashhur musulmonlar:

1. Zayn Malik – angliyalik xonanda (16 million kuzatuvchisi bor).

2. Amir Xon – hindistonlik aktyor (15 mln).

3. Muhammad al-Arifiy – saudiya arabistonilik olim (13 mln).

4. Ahmad ash-Shuqayriy – saudiyalik shoumen (12 mln).

5. Oiz al-Qarniy – saudiyalik olim (10 mln).

6. Mesut O‘zil – germaniyalik futbolchi (10 mln).

7. A.A. Rahmon – hindistonlik bastakor (8 mln).

8. Shayx Mishariy Roshid Al-afasiy – quvaytlik qori (8 mln).

9. Salmon al-Uda – saudiyalik olim (7 mln).

10. Rajab Tayyib Erdog‘an – Turkiya prezidenti (7 mln).

Manba: qadriyat.uz

Top