16:28 / 12.10.2015
5252

Davolanish uchun kvotani 9 oy kutgan qozog‘istonlik qizcha uni olgandan bir kun o‘tib hayotdan ko‘z yumdi

Qozog‘istonning Qizilo‘rda viloyatidan bo‘lgan qizcha Olma-Otadagi tibbiyot markazlaridan birida davolanish uchun kvota olganidan so‘ng bir kun o‘tib vafot etdi. Mahalliy mutaxassislar uning kasalligiga tashhis qo‘ya olishmadi. Uning vazni muntazam ravishda kamayib, oxir-oqibat hayotdan ko‘z yumdi, deya yozmoqda “Karvon”.

2015 yilning 25 sentabr kuni Aray onasi bilan Olma-Otadagi Pediatriya va bolalar jarrohligi markaziga kelishdi. Qizaloq zudlik bilan jonlantirish bo‘limiga yotqizilib, sun'iy nafas uskunasi ulandi. Qizaloqda kislorod, oqsil va quvvat yetishmasligi, ozg‘inlik alomatlari qayd etildi.

Shifokorlarning aytishicha, Aray 2014 yil noyabridan buyon muntazam davolanib kelgan. Uning qonidagi gemoglabin miqdori mutazam ravishda pasayib kelgan. Ta'kidlanishicha, barcha tashhislar to‘liq bo‘lmagan, ayrim talab qilingan tekshiruvlar mutlaqo o‘tkazilmagan. Olma-otalik shifokorlar Arayda og‘ir pnevmoniyani ham qayd etishgan, biroq ambulator kartasida bu haqda qaydlar uchramagan.

Markaz direktorining aytishicha, barcha murakkab tekshiruvlar uzog‘i bilan bir oy vaqtni olsa-da, 9 oy davomida bolaga tashhis qo‘yilmagan.
O‘z viloyatidagi shifokorlar kasallikka tashhis qo‘ya olmaganidan so‘ng farzandini Olma-Ota shahridagi tibbiyot markazida davolashga yetarlicha mablag‘ topa olmagan ota-ona OAVga murojaat qilganidan so‘ng kvotani qo‘lga kirita olgan. Biroq qizchaga o‘z vaqtida yordam ko‘rsata olishmagan.

Top