11:44 / 12.10.2015
5284

Ekstremistlarning qamoqdan qochishi sababli Bishkekdagi muhim obektlar xavfsizligi kuchaytirildi

Qirg‘iziston bosh vaziri Bishkekdagi barcha strategik muhim obektlar kuchaytirilgan himoya ostiga olinishi to‘g‘risida topshiriq berdi. Bu haqda Temir Sariyev 12 oktabr kuni hukumatda o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda ma'lum qildi.

12 oktabrga o‘tar kechasi Qirg‘izistonning Chuy viloyati Janubiy Norus qishlog‘ida joylashgan 50- sonli tergov izolyatoridan terrorizmda ayblanib qamoqqa olingan 9 nafar mahbus uch soqchini o‘ldirib, qochib ketishdi. Qochish vaqtida ular Jazoni ijro etish davlat xizmati xodimi va sudlanganlardan birini ham jarohatlashdi. Shu munosabat bilan Respublikada “Qo‘lga olish” rejasi amalga oshirilmoqda, politsiyachilar qirg‘iz-qozoq chegarasi yaqinidagi qishloqlarning birida qochqindagi jinoyatchilarning besh nafarini qo‘lga oldi, to‘rt nafari esa hamon ozodlikda.

Qayd etilishicha, ozodlikdagi jinoyatchilarning ikki nafari umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan bo‘lsa, qolgan ikkisi ustidan sud jarayoni bo‘lib o‘tayotgan edi. Ularning barchasi diniy ekstremizm va terrorizmda ayblanib, jazoga tortilgan. Shu bilan birga, ozodlikdagi mahbuslarning uch nafari 2011 yilda Bishkekda qo‘lga olingan bo‘lib, ular “Jayshul-Mahdiy” radikal guruhi a'zolari hisoblanishgan. Jumladan, muqaddam mamlakat parlamenti deputati Sanjar Qodiraliyevni o‘ldirganlikda aybdor deb topilgan Altinbek Itibayev (1977) 16 iyul kuni Bishkek shahrida o‘tkazilgan aksilterror operatsiyasi chog‘ida musulmonlar bayrami kuni Bishkek markaziy hiyobonida terakt sodir etishga tayyorgarlik ko‘rgani uchun qo‘lga olingan. Edil Abdurahmonov (1986) Bishkek shahridagi sport saroyi qarshisida portlashni sodir etganlik, shuningdek, IIV xodimini o‘ldirganlikda ayblangan. Doniyor Qodiraliyev (1976) esa 2013 yilda "Jayshul Mahdiy" terroristik guruhining Qirg‘iziston bo‘limida faoliyat olib borgani uchun qo‘lga olinib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Yana bir terrorchi Azamat Musuraliyev (1987) ham "Jayshul Mahdiy" terroristik guruhining faol a'zosi sifatida hibsga olingan.

Mazkur terroristik guruh a'zolari mamlakatda davlat tuzumini o‘zgartirish, hududda islom halifaligini o‘rnatishni maqsad qilib, Qirg‘izistonda qurolli jihod e'lon qilish to‘g‘risida sodiqlik qasamini ichishgan. Shu maqsadda davlat tashkilotlari va chet el davlatlari elchixonalari yaqinida portlashlarni amalga oshirishni rejalashtirishgan.

Top