21:08 / 12.10.2015
6886

Fotosuratchilar birinchi marta BMW X2 krossoverini suratga olishga muvaffaq bo‘lishdi

Fotosuratchilar birinchi marta BMW X2 krossoverini suratga olishga muvaffaq bo‘lishdi. BMW kompaniyasi o‘zining yangi modelini yo‘lda sinovlar o‘tkazish uchun olib chiqdi, deb xabar bermoqda WorldCarFans nashri. Avtomobil keyingi yilda avtosalonlardan birida ilk bor namoyish qilinishi kerak, seriyali tarzda esa 2017 yildan boshlab ishlab chiqariladi.

Krossover 2015 yilgi modellar qatorining X1 krossoveri negizida quriladi va dizayn bo‘yicha X4 va X6 larni eslatadi. Kompaniya asos sifatida Mini Cooper va BMW 2-Series Active Tourer modellari qurilgan UKL platformasini oladi. Ekspertlarning fikricha, avtomobil bazaviy komplektatsiyada oldi privodli bo‘ladi, to‘liq privod esa qo‘shimcha sifatida taqdim qilinadi.

Model 3 yoki 5 eshikli komplektatsiyada taqdim qilinishi mumkin. Avtomobilning motorlar qatoriga 184 yoki 231 ot kuchiga ega 2,0 litrli benzinli motorlar hamda 150 ot kuchiga ega 2,0 litrli dizelli motor kiradi.

Avvalroq BMW kompaniyasi X4 M krossoverining tashqi ko‘rinishini namoyish qilgan edi. Yangi avtomobil yaqin orada rasman namoyish qilinadi.

Top