16:35 / 13.10.2015
4037

OAV: Anchelotti "Bavariya" bilan kelishuvga erishdi

Italiyalik murabbiy Karlo Anchelotti 2016 yilning yozidan "Bavariya" jamoasini boshqarishi mumkin.

Sport Mediaset nashri ma'lumotlariga ko‘ra, 56 yoshli mutaxassis myunxenliklar jamoasi rahbariyati bilan uchrashgan va 2 yillik shartnoma tuzish borasida kelishuvga erishgan.

Ushbu kelishuv, keyingi yilning yozida jamoaning ayni paytdagi murabbiyi Xosep Gvardiola boshqa jamoaga o‘tsa, kuchga kirishi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldinroq, Gvardiola 2016 yilning yozida "Manchester Siti"da ish boshlashi haqida xabarlar tarqalgandi.

Karlo Anchelotti esa "Real" boshqaruvidan ketgach, ta'tilga chiqqan, bu vaqt ichida u "Liverpul" jamoasi taklifini rad etgandi.

Biroz oldinroq, ushbu mutaxassis "PSJ" jamoasiga qaytishi mumkinligi haqida xabar qilingandi.

Uning o‘zi esa, ta'tili tugagach, 2016 yilning yanvarida APL klublaridan birida ishlashni istashi haqida aytgandi.

Top