16:23 / 13.10.2015
3298

"O‘zbekenergo" tomonidan iste'molchilarga 35,1 mlrd kVt/soat hajmda elektr energiyasi yetkazib berildi

“O‘zbekenergo” AJ 2015 yilning 9 oylik yakunlarini e'lon qildi.

Unga ko‘ra, 2015 yilning 9 oyi ichida tovar mahsuloti ishlab chiqarish hajmi soha bo‘yicha 100,2 foizni tashkil qildi. Iste'molchilarga 35,1 mlrd. kVt•soat hajmda elektr energiyasi yetkazib berildi hamda issiqlik energiyasi 5,8 mln. Gkal hajmda uzatildi.

“2015 yilga O‘zbekiston Respublikasining Investitsiyaviy dasturi to‘g‘risida”gi qarorga muvofiq “O‘zbekenergo” AJ tomonidan 26ta yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, shulardan joriy yilda 8ta obektlarni ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda.

Jumladan, Tolimarjon IESini ikkita har biri 450 MVt quvvatiga ega bo‘lgan, Toshkent IESda quvvati 370 MVt, Angren IESda kullik darajasi yuqori bo‘lgan ko‘mir yoqish uchun mo‘ljallangan 130-150 MVt quvvatli energoblokni qurish, Taxiatosh IESda 230-280 MVt quvvatli ikkita bug‘-gaz qurilmasini qurish hamda ikkinchi 450 MVt quvvatli bug‘-gaz qurilmasini qurish bilan Navoiy IESni kengaytirish bo‘yicha loyiha ishlari olib borilmoqda.

“O‘zbekenergo” AJ korxonalari tomonidan o‘tgan davr ichida yuridik iste'molchilariga 244,9 ming ortiq uch fazali va 150,0 ming bir fazali elektron hisob asboblari, maishiy iste'molchilariga 20,2 ming uch fazali va 3649,3 ming bir fazali elektron hisob asboblari o‘rnatildi.

Top