09:47 / 14.10.2015
6232

Qamchiq dovonida videokuzatuv tizimini montaj qilish ishlari boshlandi

O‘zbekistonda muhim strategik tarmoq – Qamchiq dovonida xavfsizlikni oshirish bo‘yicha loyihani amalga oshirish ishlari boshlandi, deya xabar qildi Sputnik FVVdagi axborot manbasiga asoslangan holda.

Bugungi kunda dovon aholi eng gavjum hudud – Farg‘ona vodiysini O‘zbekistonning boshqa viloyatlari bilan bog‘laydigan yagona transport arteriyasi hisoblanadi. Har kuni bu yerdan 15-20 minggacha avtomobil qatnaydi. Shuningdek, ushbu qismda yo‘l murakkab tog‘ sharoitlari orqali o‘tib, bu yerda muzlash va qor tufayli ko‘plab YTHlar kuzatiladi, deya qayd etdi axborot manbasi.

Ayni paytda bu yerda FVVning maxsus qidiruv-qutqaruv otryadlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, turli xizmatlar mutaxassislaridan iborat 24 soatlik navbatchilik postlari mavjud bo‘lib, ularning har biri o‘zlariga tegishli yo‘l uchastkasi uchun javobgar hisoblanishadi. Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, ular yo‘llarni vizual kuzatuv olib borib, barcha axborotlarni real vaqt rejimida dovonning yuqori qismidagi birlashgan shtabga yetkazib turishadi.

Yangi videokuzatuv tizimi endilikda butun yo‘l bo‘ylab o‘rnatilib, maxsus xizmatlar har qanday tahdidlarni tezkorlik bilan bartaraf etishadi. Bularga tabiat hodisalari – tuproq o‘pirilishi, tosh qulashi va ko‘chkilar, shuningdek, terroristik tahdidlar ham kiradi.

“Ularning o‘rnatilishi bilan shtab nafaqat otryadlardan og‘zaki axborotlarni qabul qilib oladi, balki kameralar va monitorlar yordamida yo‘llarda qayd etilgan hodisalarni kuzatib ham borishadi”, - dedi axborot manbasi.

Bugungi kunda barcha zarur texnik uskuna va vositalar joylarga yetkazilgan bo‘lib, tizimni qishki mavsum kirib kelishiga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan, deya qayd etdi mutaxassis.

Top