19:23 / 15.10.2015
5603

O‘zbekiston aholisini ko‘proq uy-joy-kommunal muammolari qiziqtirmoqda

O‘zbekiston aholisi bilan keng ko‘lamda tashviqot  va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini targ‘ibot qilish ishlari olib borilgani natijasida fuqarolarning O‘zbekiston Davlat raqobat qo‘mitasiga murojaatlari soni oshgani kuzatilmoqda. Bu iste'molchilik madaniyatining o‘sayotganidan darak beradi.

2015 yilning 9 oyi davomida iste'molchilardan 3647 ta murojaat kelib tushgan, ulardan 2357 tasi yozma ravishda, 1290 tasi esa ishonch telefonlari orqali bildirilgan. Barcha murojaatlar ko‘rib chiqilib, ularga tegishli javoblar berilgan.

Murojaatlarning 58,2 foizi kommunal xizmat ko‘rsatish sohasiga, 18,9 foizi savdo va umumiy ovqatlanish sohasiga, 9,8 foizi transport, aloqa va kommunikatsiya xizmatlari sohasiga hamda qolgan 13,1 foizi boshqa sohalarga to‘g‘ri kelgan.

Kommunal xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq muammolarni tezkorlik bilan hal qilish uchun gaz va elektr ta'minoti tashkilotlari va boshqa kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalarining barcha filiallarida joriy yilning 9 oyida qo‘mita mutaxassislari ishtirokida iste'molchilarni qabul qilish amalga oshirildi. Bundan tashqari, gaz, elektr energiya va boshqa kommunal xizmatlar iste'molchilari tuman bo‘limlari tomonidan ularning haq-huquqlari kamsitilishi masalalari bo‘yicha Davlat raqobat qo‘mitasi vakillariga bevosita murojaat qilishlari mumkin.

Davlat raqobat qo‘mitasi vakillari tomonidan iste'molchilardan 4926 ta murojaat qabul qilingan, ulardan 3237 tasi gaz ta'minoti, 1572 tasi elektr energiya ta'minoti, 117 tasi boshqa kommunal masalalar bilan bog‘liq bo‘lgan. 3407 nafar iste'molchiga tegishli tushuntirish berilgan, 1293 nafariga esa muammolar joyida hal qilingan.

Yozma murojaatlardan 93,5 foizi iste'molchilar foydasiga hal qilingan. Telefon orqali olingan murojaatlardan 62,4 foizi bo‘yicha tegishli choralar qabul qilingan, 37,6 foizi bo‘yicha Davlat raqobat qo‘mitasi vakolati doirasida tegishli tushuntirishlar berilgan.

Top