14:53 / 16.10.2015
17293

MDH davlatlaridagi eng antiqa kashfiyotlar

Sobiq Ittifoq davlatlarining olimlari tomonidan oxirgi yillarda taqdim qilingan eng antiqa kashfiyotlar ro‘yxati e'lon qilindi.

Avvalambor, yaqindagina, 14 oktabr kuni Qozog‘iston texnologik rivojlanish milliy agentligi tomonidan taklif qilingan innovatsion o‘tov yodga olindi. Ixtirochining fikricha, bu g‘oya o‘tovsozlikni mashinasozlik bilan birlashtirishi lozim, negaki uning oddiy o‘tovdan asosiy farqi g‘ildiraklarining borligidadir. Qozog‘iston mashinasozlari ittifoqi raisi Timurlan Oltoyev boshchiligidagi ekspertlar komissiyasi ko‘rib chiqqan loyiha mualliflari uning realizatsiyasiga 25 mln tanga so‘rashdi. Ta'kidlanishicha, innovatsiyaga treylerda yurishni xush ko‘radigan chet elliklar qiziqish bildirishmoqda.
Bir yil muqaddam Qozog‘istonda “ko‘ngilochar o‘tov” – bir boshpana ostidagi restoran va etnografik markazni yaratish taklif qilingan edi. Bunday o‘tovda turistlar ham qozoq madaniyati bilan tanishtirilishi, ham ovqatlanishi ko‘zda tutilgan edi.

Bu loyihalarni to‘ldirib turuvchi boqsha bir ixtironi olim O‘rozboy Nurg‘ojin taklif qildi. U yaratgan uskuna sutkasiga 1 tonna qimiz ishlab chiqarishga qodir edi.

Qozog‘istonlik fazogir Oydin Ayimbetovning fazoga parvozi munosabati bilan Qozog‘iston oziq-ovqat iste'moli instituti o‘ziga xos tajriba o‘tkazishga qaror qildi. U bilan birgalikda Xalqaro kosmik stansiyaga qozoq milliy taomlari, xususan, beshbarmoq yo‘llandi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad taomlarning vaznsizlik holatida qanday hazm qilinishini o‘rganish bo‘ldi.

Belarusda ushbu davlat milliy taomnomasida birinchi o‘rinni tutuvchi kartoshka bilan eksperimentlar o‘tkazildi. O‘tgan yili ushbu mamlakat genetiklari zararkunandalarga qarshilik ko‘rsata oladigan kartoshka navini yaratishga kirishib ketishdi. Selektsionerlar esa rangli kartoshkalar yaratishdi. Belarus kartoshkashunoslik ilmiy-amaliy markazi laboratoriyasi mudiri Viktor Kozlovning so‘zlariga qaraganda, garchi rangli kartoshkalar ilgari AQSh va Rossiyada yaratilgan bo‘lsa ham, belarus olimlarining kashfiyoti xastaliklar va viruslarga chidamliroqdir.

2013 yilda ulardan ortda qolmaslikni niyat qilgan armanistonlik mutaxassislar mevalarni gazda emas, quyosh energiyasida quritishni taklif qilishdi. Bu mahsulot tannarxini 20 foizga tushiradi.
Tojikistonlik oshpaz Latif Azizov osh tayyorlash uchun o‘ziga xos qozon loyihasini taklif qildi. Induktsion qozon ochiq olov manbalaridan foydalanmaydi, ammo palovning an'anaviy ta'mini saqlab qolish imkoniyatini beradi.

Ukrainalik olimlar, o‘z navbatida, zararli oqibatlar keltirmaydigan spirt ishlab chiqishdi. “Ukrspirt” korxona mutasaddilarining e'tirof etishicha, “Bug‘doy ko‘z yoshi” deb nomlangan bu yangi mahsulotda mikroqo‘shilmalar minimum darajada, shu bois u mastlikni keltirib chiqarmaydi, shuningdek, uni iste'mol qilgan kishi ertalab o‘zini yomon his qilmaydi.

Ro‘yxatda o‘zbekistonlik mutaxassislarga ham o‘rin berildi. Bahorda Toshkentda bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmada paxta teruvchi robot taqdim etildi. Aytilishicha, u paxtani barglardan ajratib oladi, uni chanoqdan uzib, savatga yo‘llaydi.

Ammo eng dahshatli kashfiyot Litvada amalga oshirildi. 2011 yili dizayner Yulionas Urbonas evtanaziya uchun amerika tog‘lari loyihasini ishlab chiqdi. G‘oyaga ko‘ra, vagonetka shunday harakat qiladiki, uning ichidagi odamning organizmi dosh bera olmaydi. Attraktsion mijozi azoblanmaydi va hatto o‘limdan avval eyforiyani his qiladi. Ushbu loyihaning maslahatchisi London Imperiya kolleji makoniy dezoriyentatsiya laboratoriyasi xodimi Maykl Gresti bo‘lgan edi. U transportda vestibulyar apparat buzilishlari va bosh aylanish muammolarini o‘rganadi.

Bundan tashqari, Urbonasning o‘zi arifmomanyaklar uchun maxsus loyiha ishlab chiqdi. Hamma narsani hisoblamasa turolmaydigan arifmomaniya xastalariga ko‘plab obektlar taklif qilinib, ular yordamida xasta cheksiz darajada hisoblashlarni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.

Eldor Asanov tayyorladi

Top