10:01 / 16.10.2015
3259

Mourino: Mening diskvalifikatsiya qilinishim AFA uchun sharmandalikdir

"Chelsi” klubi bosh murabbiyi Joze Mourino Angliya futbol assotsiatsiyasi tomonidan diskvalifikatsiya qilinishiga o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.

“Oyog‘imga elektron braslet taqib, uy qamog‘iga hukm qilib qo‘yishmaganiga ham rahmat.

Bugungi kunda bunday taqiqlar va qarorlarning mavjudligini sharmandalik deb bilaman. Sizlar bu qarorlardan xursand bo‘lganga o‘xshaysiz. Hozirda har bir so‘zim o‘zimning zararimga xizmat qilishi mumkinligini bilaman.

50 ming funtlik jarima – yoqimsiz holat. Stadionga kelishim taqiqlanishi – undan ham yomon.

APLda murabbiyning qismati og‘ir. Biz o‘zimiz istamasak ham matbuot anjumanlarida qatnashishga majburmiz”, - deydi Mourino.

U shuningdek, murabbiylik faoliyatini qachongacha davom ettirish haqida aytib o‘tgan.
"Buni aniq aytish qiyin, lekin o‘ylashimcha, yana 15 yil davomida murabbiy sifatida ishlay olaman. Men hozirda murabbiylik sohasidagi yo‘limning yarmidaman, 15 yildan beri murabbiylik qilib kelaman. Menimcha, 67 yosh murabbiylikni tark etish uchun eng qulay vaqt bo‘ladi. Lekin bu 15 yilni "Chelsi"da o‘tkazishga ko‘zim yetmaydi. Axir zamonaviy futbolda bir jamoada buncha uzoq vaqt davomida ishlash imkoni deyarli yo‘q. Men albatta o‘z faoliyatimni Londonda yakunlashni juda ham xohlayman, lekin buning iloji bo‘lmasa kerak", deydi murabbiy.

Eslatib o‘tamiz, 52 yoshli mutaxassis "Sautgempton"ga qarshi 3 oktabr kuni o‘tkazilgan APLning 8-turi doirasida o‘yindan (1:3) keyin hakam qarorini muhokama qilgani uchun 50 ming funt miqdorida jarimaga tortildi va bitta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi.
Ma'lumot uchun, ayni vaqtda uning boshqaruvidagi jamoa 8 turdan keyin 8 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalining 16-o‘rnida joylashgan.

Top