12:17 / 16.10.2015
6683

MXX san'at muzeyiga XIX-XX asrlarga oid 32 kartinani qaytardi

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Davlat san'at muzeyidan o‘g‘irlab ketilgan XIX-XX asrlarga oid 32 kartinani tezkor tadbir davomida aniqlab, muzeyga qaytardi. Bu haqda MXX xodimi Laziz Ibodxo‘jayev ma'lumot berdi.

Aytilishicha, rasmlar O‘zbekiston fuqarosi Yuriy Savinkov uyidan topilgan. U ushbu san'at asarlarini mamlakat tashqarisiga olib chiqib sotib yuborishga harakat qilgan jinoiy guruhga aloqadorlikda ayblanmoqda.
Ushbu rasmlar Fyodor Vasilev, Vladimir Orlovskiy, O‘rol Tansiqboyev, Ro‘zi Choriyev, Ilya Rubin singari rassomlarning ijodiga mansub bo‘lib, keng jamoatchilik e'tiboriga havola etilmagan.
“Rasmlarni o‘g‘irlagan jinoiy guruh O‘zbekiston mahsulotlarini chet elga noqonuniy olib chiqish va Rossiya geroin yetkazish bilan shug‘ullanib kelgan. Noqonuniy faoliyatdan olingan pullar ko‘chmas mulk, avtomobil va san'at asarlariga tikilgan”, - dedi Ibodxo‘jayev.

Ilgari O‘zbekiston maxsus xizmatlarining harakatlari bilan Rossiya Federatsiyasidan muzeyga A. Nikolayevning “Meva ushlab turgan qiz”, N. Karaxanning “Hovuz oldidagi qiz”, O. Tatevosyanning “Baliq ovida”, “Choyxona”, “Urgutga yo‘l”, “Buxoro” , M. Zommerning “Tog‘ daryosi ustidan ko‘prik” va “Shashlikxona” rasmlari qaytarilgan edi. Muzeyning sobiq xodimi Mirfayzi Usmonov boshqa hamkasblari bilan kelishgan holda originallarni nusxalarga almashtirib, san'at asarlarini olib chiqib ketgani va davlatga 47.5 mlrd so‘m ziyon yetkazgani xabar qilingan edi. 68 ming surat inventarizatsiya qilinganida ulardan 178tasi soxtalashtirilgani, 2tasi g‘oyib bo‘lgani aniqlandi.

Top