11:48 / 16.10.2015
19707

O‘zbekistonda IShID yollovchisi qo‘lga olindi

Turli aldov yo‘llari bilan ayrim yurtdoshlarimiz IShID terroristik guruhi safiga qo‘shilib qolmoqda. Shahrisabz tumanidan Nodir va Nurbek Jovliyev, kosonlik Abror Berdiyev ham shular jumlasidan.

Bir oilaning ikki farzandi odam yollovchilari ta'siriga tushib, Suriyaga janglarda qatnashish uchun yo‘l olishdi. So‘ngra Nodir boshliqlarining topshirig‘iga ko‘ra yangi jangarilarni yollash uchun vataniga maxfiy ravishda qaytib keladi. Biroq o‘z vaqtida huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olinib, sud qaroriga ko‘ra jazoga tortiladi.

Xoinlarning onasi ulardan voz kechib, uyatdan odamlarning ko‘ziga ko‘rina olmay qolganini aytib o‘tgan.

Abror esa qobiliyatli va aqlli bola bo‘lib voyaga yetdi, maktab tahsilini tamomlab, poytaxtdagi oliygohga o‘qishga kirdi. Oliy ma'lumotga ega bo‘lib, Qarshi davlat pedagogika universitetiga ishga kirdi. Uylanib, farzandli ham bo‘ldi. Ko‘rinishidan risoladagidek inson edi.

Biroq aslida unday emas ekan. Ma'lum bo‘lishicha, oliygohda o‘qib yurgan vaqtlarida Abror Berdiyev O‘zbekistonda faoliyati taqiqlangan “Hizbut Tahrir” diniy-eksremistik guruhi a'zosiga aylangan. Qarshi davlat pedagogika universitetida faoliyat olib borgan davr mobaynida talabalar orasida o‘zining ekstremistik g‘oyalarini targ‘ib qilish bilan shug‘ullandi. Yigirma nafardan ziyod talaba uning ta'siriga tushib qoldi.

Keyinroq esa u o‘zining yosh turmush o‘rtog‘iga zug‘um o‘tkazib, ayollar orasida diniy-ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qilishga majburlagan. Bir oz vaqt o‘tib A.Berdiyev o‘z oilasi bilan aylanma yo‘llar orqali Tojikistonga o‘tib, “Turkiston islom harakati” terroristik guruhi safiga qo‘shiladi. So‘ngra “Ismoil” tahallusi ostida Afg‘onistondagi koalitsiya kuchlariga qarshi janglarda ishtirok etadi. 2002 yilda Zurmat Shoxik tog‘larida AQSh harbiylari bilan to‘qnashuvda o‘ldiriladi. Biroq uning turmush o‘rtog‘i va farzandlari taqdiri hamon noma'lumligicha qolgan.

Muallif: Timur Xamidov, 12news.uz

Top