01:44 / 17.10.2015
11919

Islom Karimov MDH Davlat rahbarlari kengashi majlislari aksariyat hollarda umumiy xarakterga ega bo‘lib qolayotganini ta'kidlab o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2015 yil 15-16 oktabr kunlari Qozog‘iston Respublikasida bo‘ldi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etdi. Sammitning asosiy tadbirlari 16 oktabr kuni bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o‘zaro imtiyoz va preferensiyalar berish, kelishilgan va samarali tarif siyosatini yuritish, shuningdek, o‘zaro manfaatli yangi transport yo‘nalishlarini ishlab chiqish va rivojlantirish orqali transport kommunikatsiyalari va tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirish MDH ahamiyatini belgilaydigan eng muhim omillardan ekanini ta'kidladi.

Shu bilan birga, shuni ham qayd etish joizki, sobiq ittifoq makonida boshqa davlatlararo tuzilmalarning paydo bo‘layotgani tufayli MDH Davlat rahbarlari kengashi va uning boshqa organlari majlislari aksariyat hollarda umumiy xarakterga ega bo‘lib qolmoqda. Majlislarda ko‘rilayotgan masalalar ko‘pincha bugungi kunda Hamdo‘stlik hududida yuzaga kelayotgan voqealarga deyarli daxli yo‘q va mohiyatan kundalik hayotdan ancha yiroqdir.

O‘zbekiston Prezidenti bunga ushbu uchrashuvni misol qilib keltirdi. Uning kun tartibiga ko‘p tomonlama hamkorlikning turli sohalariga doir umumiy xarakterdagi murojaat qilish, bayonot berish, kelishuv komissiyalarini tuzish, qabul qilingan qarorlar ijrosi to‘g‘risida axborot berish kabi u qadar ahamiyatli bo‘lmagan masalalar kiritilgan. Yuzaga kelgan vaziyatdan chiqishning yo‘li shundaki, ushbu davlatlararo birlashmalarning har biri, MDH va Yevroosiyo ittifoqi o‘z kun tartibi va harakat dasturiga ega bo‘lishi, bir-birini takrorlamasligi, aksincha, to‘ldirishi darkor.

Top