23:14 / 17.10.2015
5813

«Nasaf» o‘z tarixida birinchi bor mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi

O‘zbekiston kubogining final bellashuvi o‘z nihoyasiga yetdi. Unda Qarshining "Nasaf" jamoasi 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, o‘z tarixida birinchi bor mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi.

Ta'kidlash joizki, uchrashuv to‘laligicha "Nasaf" ustunligida o‘tdi va bu amalda ham o‘z isbotini topdi. Ketma-ket hujumlar ikkinchi bo‘limning ikkinchi yarmiga kelibgina o‘z mevasini bera boshladi. Dastlab, Artur Gevorkyan jarima zarbasini mohirona va aniq amalga oshirib, hisobni ochdi. Bu vaziyatda Zuhurov to‘p yo‘nalishini faqatgina tomosha qilib qoldi.

Oradan ko‘p o‘tmay, burchakdan uzatilgan to‘p yana "Bunyodkor" darvozasiga borib tushdi. Sherzod A'zamov o‘zining kuchli zarbasi bilan darvozani ishg‘ol qildi.

Birozdan so‘ng Sherzod "dubl"ga erishdi. U endi bu safar "Nasaf" darvozasiga to‘pni yo‘naltirib yubordi. Satoning zarbasi yo‘l-yo‘lakay unga tegdi va darvozaga borib tushdi — 1:2

Uchrashuv so‘nggi soniyalargacha muxlislarni hayajonda ushlab turdi. Biroq yomg‘ir ostida kechgan bellashuv shu tariqa "ajdarlar"ning g‘alabasi bilan yakunlandi.

G‘alabadan so‘ng Qarshi klubiga kubokdan tashqari PFL tomonidan reglamentga binoan 200 million so‘m miqdorida mukofot puli topshirildi. 

Ushbu g‘alaba bilan "Nasaf" muxlislari, futbolchilari va rahbariyatini muborakbod etamiz. G‘alabalar sizga yor bo‘lsin.

O‘zbekiston kubogi. Final

"Bunyodkor" - "Nasaf" - 1:2
Gollar: Sherzod A'zamov 81 (Avtogol) — Artur Gevorkyan, 72, Sherzod A'zamov, 75
"Bunyodkor": Murodjon Zuhurov, Akmal Shorahmedov, Anvar G‘afurov, Shakir Zuagi, Sato Minori, Ivan Miloshovich, Dostonbek Hamdamov, Zabihullo O‘rinboyev, Rustamjon Ashurmetov, Eldor Shomiurodov, Akromjon Komilov
"Nasaf": Eldorbek Suyunov, Sherzod A'zamov, Maqsud Karimov, Shuhrat Muhammadiyev, Farrux Sayfiyev, Shohruh Gadoyev, Erkin Boydullayev, Odil Hamrobekov, Bahrom Abdurahimov, Ilhom Shomurodov, Artur Gevorkyan
Chetlatish: A. Komilov, 64.

Manba: www.uff.uz

Top