17:21 / 17.10.2015
3358

OAV: Messi Braziliyaga qarshi o‘yinda maydonga tushmasligi aniq

Ispaniya chempionatining 6-turida "Las-Palmas"ga qarshi o‘yinda jarohat olib, 6-8 hafta muddatga safdan chiqqani aytilgan Lionel Messi Argentina terma jamoasining JCh-2018 saralashi doirasida 13 noyabr kuni Braziliyaga qarshi o‘tkazadigan muhim o‘yinida ishtirok eta olmaydi. Bu haqda Sport.es nashri xabar tarqatgan.

Xabarda aytilishicha, u tizzasidagi jarohatidan bu muddatgacha forig‘ bo‘la olmasligi ayon bo‘ldi.

Messi Kolumbiya terma jamoasiga qarshi 17 noyabr kuni o‘tkaziladigan o‘yinni ham o‘tkazib yuboradi.

16 oktabr kuni argentinaliklar 28 yoshli futbolchining jarohatlaridan davolanish jarayonini tezlashtirmoqchi va uni braziliyaliklarga qarshi o‘yinda maydonga tushirmoqchi bo‘layotgani aytilgandi.

O‘z navbatida hujumchining jamoasi "Barselona" bunga qarshi chiqqan. Kataloniyaliklar Messining jarohatidan to‘liq forig‘ bo‘lmasdan turib, Braziliyaga qarshi o‘yinda maydonga tushishi va bu o‘yinda jarohatini yangilab olishidan xavotir olishgan.

Undan oldinroq esa, Messi 21 noyabr kuni "Real" va "Barselona" o‘rtasidagi "el klasiko" bahsigacha safga qaytishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Top