08:49 / 18.10.2015
4041

Big Ben soati ta'mirlash uchun 4 oyga to‘xtatib qo‘yilishi mumkin

Buyuk Britaniyaning ramzlaridan biri bo‘lgan Big Ben minorasidagi soatni zudlik bilan to‘liq ta'mirlash uchun 29 mln funt sterling talab etiladi, yo‘qsa soat mexanizmi to‘liq to‘xtab qolishi mumkin, deb xabar bermoqda The Daily Mail nashri.

Buyuk Britaniya parlamentida soat yurish mexanizmini tiklash uchun 29,2 mln funt sterling kerak bo‘lishi va ta'mirlash ishlarini o‘tkazish uchun soatni 4 oyga to‘xtatish va barcha to‘rt tomondan strelkalarini yopib qo‘yish kerakligi aytildi.

“Soatda strelka va mayatnik podshipniklari bilan surunkali muammolar bor. Bu muammolardan har biri istalgan vaqtda chuqurlashib ketishi va buning oqibatida soat to‘xtab qolishi yoki umuman bundan ham yomonroq hol yuz berishi mumkin”, deb aytilmoqda nashr ixtiyoriga tushgan parlament bayonotida.

Hujjatda ta'kidlanishicha, soat mexanizmining yaqin 2-3 yil ichida to‘xtab qolishi parlamentning xalqaro nufuziga putur yetishi xavfini oshiradi.

Soatlar to‘xtab qolishini bartaraf etish uchungina 4,9 mln funt sterling talab etiladi, biroq hukumat agar bitta to‘liq ta'mirlash bu muammoni hal qila olmasa, bu miqdor keyinchalik 10 mln funt sterlingga oshirilishini talab qilmoqda.   

Agar soatni ta'mirlash loyihasi ma'qullansa, soatning rekonstruksiya ishlari minora tarixidagi eng uzoq davom etgan ta'mirlash ishlari bo‘ladi.

Top