20:17 / 18.10.2015
26730

Toshkentda suv toshqinlari, Samarqandda qor

Toshkentda 17 oktabrda kun davomida kuzatilgan yog‘ingarchilik natijasida shahar markazidagi qo‘chalar suv bilan to‘lib-toshdi. Internetda bu holatlar aks etgan suratlar chop etildi.

Xususan voqea guvohlaridan biri Shota Rustaveli ko‘chasida yuzaga kelgan toshqinni suratga olib, uni ijtimoiy tarmoqdagi guruhlardan birida joylashtirgan.

Suratlardan ko‘chalar to‘liq suv ostida qolib, avtomobillar bu “daryolar”da bamisoli kemalar kabi suzib yurganini ko‘rish mumkin. Ariqlar tiqilib, toshib ketgan. Suratlardan obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari ariqlarni ochib, suvni yurgazib yuborishga harakat qilishayotganlarini ko‘rish mumkin.

Foydalanuvchilardan biri kuyunchaklik bilan Toshkentning ba'zi ko‘chalarida kuchli yog‘ingarchilikdan keyin ahvol doimo shunday bo‘lishi, drenaj tizimlari yaxshi ishlamayotganidan shikoyat qilgan.

18 oktabrda esa Samarqand shahrida “birinchi qor” yog‘di. Bu haqda tvitterda izohlar berib o‘tildi.

Xususan foydalanuvchilardan biri hammani “birinchi qor” bilan tabriklab, qor fonida selfiga tushgan. E'tiborlisi, 18 oktabr an'anaviy tarzda har yili “Samarqand shahri kuni" sifatida nishonlanadigan bu kunda tabiat ham shaharliklarni o‘zining “oppoq tuhfasi” bilan “siyladi”.

Avvalroq 16-18 oktabr kuni O‘zbekiston bo‘ylab havo harorati pasayishi va kuchli yog‘ingarchilik kuzatilishi ma'lum qilingandi.

“O‘zgidromet” ma'lumotlariga ko‘ra, 19 oktabrdan O‘zbekiston janubida joylashgan Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida havo harorati ko‘tarilib, +18 daraja, Samarqand viloyatida esa +15 daraja bo‘lishi kutilmoqda, faqatgina Farg‘ona vodiysi hududida yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin.

Top