20:20 / 19.10.2015
6181

O‘zbekistonda YaIM o‘sishi 2015 yilda 8 foizga teng bo‘ldi

Joriy yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 8,0 foiz o‘sdi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining joriy yilning yanvar-sentabr oylarida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga bag‘ishlangan majlisida ma'lum qilindi, deb xabar qiladi O‘zA.

Qayd etish kerakki, Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda YaIM o‘sishi bashoratlarini o‘zgartirmagan holda, ushbu ko‘rsatkichni 2015 yilda 7, 2016 yilda 7.2 foiz hajmida qoldirgandi.

Sanoat ishlab chiqarishi 7,3 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari — 6,6 foiz, iste'mol tovarlari — 10,1 foiz, chakana savdo aylanmasi 15 foiz va xizmatlar — 12,9 foiz o‘sdi.

Davlat byudjyeti profitsit bilan ijro etildi. Inflyatsiya darajasi prognoz parametrlardan oshmadi, deya ta'kidlanadi agentlik xabarida.

748,7 mingta yangi ish o‘rinlari, shu jumladan, qishloq joylarda 451,6 mingta yangi ish o‘rni tashkil etildi.

«Keksalarni e'zozlash yili» Davlat dasturi doirasida keksalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularni ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish tadbirlarini amalga oshirish davom ettirilmoqda, ushbu tadbirlarni moliyalashtirishga barcha manbalar hisobidan 2,0 trillion so‘mdan ko‘proq mablag‘ yo‘naltirildi.

Yangi qishloq massivlari qurilishida zamonaviy namunaviy loyihalar bo‘yicha 9300 ta yakka tartibdagi uy-joy foydalanishga topshirildi.

Xususiy mulkni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash yuzasidan qabul qilingan chora-tadbirlar dasturini izchil amalga oshirish kichik biznesning 21,4 mingta yoki 2014 yilning shu davridagiga qaraganda 6,0 foiz ko‘p yangi sub'yektini tashkil etishga ko‘maklashdi. Kichik biznes sub'yektlariga davlat mulkining 17,8 mingta foydalanilmayotgan obektlari ijaraga berildi, umumiy summasi 9,6 trillion so‘m bank kreditlari va mikrokreditlar ajratildi.

9 oy mobaynida o‘zlashtirilgan investitsiyalar 9,9 foiz, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish 7,4 foiz o‘sdi. 3 440 ta yangi obekt foydalanishga topshirildi, yuqori texnologik va zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha 76 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish tugallandi.

Majlisda O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish obektlari bo‘yicha 1,0 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilgani qayd etildi.

Top