12:52 / 20.10.2015
3135

DM: London banklari mijozlardan shaxsini selfi yordamida tasdiqlashni so‘ramoqda

Bir qator London banklari mijozlar o‘z shaxsini tasdiqlashi uchun selfi olishi lozim bo‘lgan yangi tizimni joriy etmoqda, deya xabar qildi Daily Mail nashri.

Nyu-yorklik dasturchilar firibgarlik holatini aniqlash uchun biometrik ma'lumotlardan foydalanadigan Percieve deb nomlangan yangi dasturiy ta'minotni ishlab chiqishdi. Dastur mijoz shaxsiga ishonch hosil qilish uchun olingan tasvirni tahlil qiladi. Qo‘shimcha tekshiruv olib borish uchun mijoz selfisini uning Facebook, Twitter va LinkedIn singari ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan suratlari bilan ham solishtiradi. Tekshiruv nihoyasiga yetganidan so‘ng tizim to‘lovni tasdiqlaydi yoki inkor etib, firibgarlik to‘g‘risida ma'lum qiladi.

Xabarlarga ko‘ra, Londondagi bir nechta yirik banklar mavjud dasturning sinov namunasidan foydalanishni boshladi, biroq ular hozircha bu haqda ommaviy e'lon qilgani yo‘q. Yangi tizimga o‘tish to‘g‘risidagi qaror so‘nggi bir yilda 5 millionga yaqin onlayn-firibgarlik holati qayd etilganidan keyin qabul qilindi.

Bundan avvalroq esa Mastercard kompaniyasi olingan selfini tizim xotirasiga saqlab qo‘yilgan selfi surati bilan taqqoslaydigan Selfie Pay texnologiyasi ishga tushirilganini ma'lum qilgan edi.

Top