13:46 / 20.10.2015
4824

Hamrohini tishlab olgan samolyot yo‘lovchisi tanasidan shubhali konteynerlar topildi

Lissabon — Dublin reysi bo‘yicha parvoz qilayotgan samolyotning jazava vaqtida unga yordam bermoqchi bo‘lgan hamrohini tishlab, bir ozdan so‘ng hayotdan ko‘z yumgan yo‘lovchisi tanasidan ichiga noma'lum moddalar solingan konteynerlar mavjudli aniqlandi, deya xabar berdi Irlandiyaning RTE telekanali.

Hodisa 19 oktabr kuni Irlandiyaning yirik Aer Lingus aviatashuvchisi reysida sodir bo‘lgan edi. Ekipaj kapitani 24 yoshli portugaliyalik yo‘lovchi jazavadan so‘ng xushini yo‘qotgani sababli Kork xalqaro aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirishga ruxsat so‘rab murojaat qilgan edi. Aeroportga yetib kelgan shifokorlar esa yosh yo‘lovchining o‘limini qayd etishdi.

RTE ma'lumotlariga ko‘ra, ekspertlar uning ichidan bir necha konteyner borligini aniqlashdi, ulardan biri ochilib ketgan ekan. Idishchalar sud ekspertizasiga yuborildi.
Yosh yo‘lovchi o‘limiga olib kelgan aniq sabab sud ekspertizasi tekshiruvlari va toksikologik testlardan so‘ng oshkor qilinadi.

RTE`ning qayd etishicha, xuddi shu reysda parvoz qilgan 40 yoshli ayol ham yonida amfetamin olib ketayotgani aniqlangani sababli so‘roq qilinmoqda.

Top