16:43 / 20.10.2015
6453

Olimlar: Katta farzandlarning kichiklariga qaraganda aqlliroq bo‘lishiga tarbiya aybdor

Tadqiqotchilar oilada tug‘ilgan bolalarning tartibi ular aqliy salohiyati va xulq-atvoriga hech qanday ta'sir ko‘rsatmasligini ma'lum qilishdi. Katta farzandlarda intellektual salohiyat darajasining balandroq bo‘lishiga esa tarbiya sabab bo‘ladi.

Bu haqdagi izlanishlar tafsiloti PNAS jurnalida e'lon qilindi.
Izlanishlarda Germaniya, Britaniya, AQShda istiqomat qiluvchi aka-uka va opa-singillari bo‘lgan 20 ming kishi ishtirok etdi. Ular maxsus psixologik hamda aqliy salohiyat darajasini aniqlashga qaratilgan testlarni topshirishdi.

Yakunda ma'lum bo‘lishicha, oilada nechanchi bo‘lib tug‘ilish insonning kirishuvchanligi, ochiqligi, vijdonliligi, hissiy barqarorligi kabi xulq-atvor xususiyatlariga hech qanday ta'sir ko‘rsatmaydi. Olimlarning qayd etishicha, katta farzandlarning aqliy salohiyati odatda haqiqatdan ham kichik uka va singillariga qaraganda balandroq bo‘ladi, biroq bu farq taxminan 1,5 ballni tashkil etadi.

Tadqiqot mualliflarining tasdiqlashicha, bunda hech qanday biologik yoki irsiy asoslar topilmagan. Demak, oradagi farq tarbiya bilan bog‘liq — odatda ota-ona kichik farzandlarga ko‘proq erkinlik berishadi va ularning muvaffaqiyatini to‘ng‘ichlarinikida bo‘lgani kabi qat'iy kuzatib borishmaydi.

Top