17:13 / 20.10.2015
5125

Toshkent viloyatida poraxo‘r maktab direktori 3 yilga qamaldi

Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi 31-umumiy o‘rta maktabning sobiq direktori Saiduali Sultonov poraxo‘rlik ustida qo‘lga tushib, 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda “Darakchi” gazetasi ma'lumot bermoqda.

Aytilishicha, u bir necha yil davomida turli yo‘llar bilan davlat mulkini o‘zlashtirib kelgan. Shuningdek, o‘qituvchilardan hamda unga ishi tushadigan boshqa odamlardan pora olib kelgan. O‘z “moliyaviy faoliyati”ning natijalarini esa hujjatlarda aks ettirmagan.

Bir safar maktabni taftish qilish uchun kelgan M. Qoratoyevga S. Sultonov tomonidan 2 ming dollar pora berilgan. Buning evaziga taftishchi moliyaviy hisobotlar tekshiruvini qo‘l uchida amalga oshirib, direktorning xatolarini yuzaga chiqarmagan.

Taftishchiga berilgan pulni chiqarish uchun S. Sultonov o‘qituvchilardan 100 dollardan to‘play boshlagan. Bu ishda unga xo‘jalik ishlari mudiri Avazbek Arziqulov yordam bergan.

Axiyri o‘qituvchilar tegishli idoralarga arz qilishga majbur bo‘lgan. S. Sultonov o‘qituvchi Asanbay Po‘latovdan 100 dollar olayotgan paytda jinoyat ustida qo‘lga tushgan.

Top