10:45 / 21.10.2015
14241

O‘g‘li ekstremistga aylangan qozog‘istonlik ota voqeasi

Ostonalik tadbirkor Qo‘nis Olimjonov o‘g‘li qanday qilib ekstremistlar ta'siriga tushib qolgani va bunday vaziyatda ota-onalar farzandlarining qanday xatti-harakatlariga jiddiy e'tibor berishlari zarurligi haqidagi fikrlarni bildirib o‘tdi.

Tadbirkor o‘z voqeasini Ostonada avvalgi hafta bo‘lib o‘tgan “Ekstremizmga qarshi kurashish mexanizmlarini ishlab chiqish” anjumanida so‘zlab berdi.

Qo‘nis Olimjonovning o‘g‘li Mirzahmad Olimjonov haqida 1,5 yildan beri hech qanday xabar yo‘q. Uning ota-onasi farzandi ko‘yida kuyib ado bo‘ldi. O‘ziga to‘q va yaxshi oila farzandi, ostonalik yigit otasining taxminicha Suriyaga ketgan. Yaxshi ta'lim olgan, Ostonadagi qozoq-turk litseyini a'lo baholar bilan yakunlagan, keyinchalik mutaxassisligi bo‘yicha AQShda amaliyot o‘tagan shunday o‘qimishli yigitning ekstremistlar domiga tushib qolgani yanada ayanchli ko‘rinadi.

“Barcha baxtli oilalar birday baxtli, baxtsiz oilalar esa o‘zicha baxtsiz, degan gap to‘g‘ri ekan. Bizning g‘am-anduhimiz va aziyatlarimizning cheki yo‘q. Biz bir yarim yildan beri o‘g‘limizdan, uning rafiqasi va ikki nafar qiz nabiralarimizdan hech qanday xabar olganimiz yo‘q”, deb aytadi ota.

Maktab va universitetni a'lo baholar bilan bitirgan Mirzahmad dahshatli radikal oqim jabrdiydasiga aylandi.

“O‘g‘lim universitetning oxirgi kursida hijobli qizga uylandi. Farzandli bo‘ldi, biroq sekin-sekin dunyoviy hayotdan chekina boshladi”, deb eslaydi ota.

Yigitning yaqinlari undagi o‘zgarishlarni sekin-asta payqay boshlashdi. Yigitning bunday salbiy tomonga o‘zgarishiga uning boshqa shaharda o‘qigani ham sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, 5 yil avval yigit ekstremistlarning ta'siriga tushganda, jamiyat ham, uning ota-onasi ham voqealarning bunday tus olishini anglamagan.

“U biz bilan yashaganda soqoli o‘smasdi, o‘qishni bitirib qaytib kelgandagina biz u bilan nima sodir bo‘lganini angladik. U o‘sha yerda masjidga borgan, biroq masjid rasmiy bo‘lishiga qaramasdan, u yerda bekitiqcha yig‘ilishlar o‘tkazilgan”, deydi Qo‘nis Olimjonov.

Ota o‘z voqeasini davom ettirar ekan, ota-onalar o‘z farzandlarining xatti-harakatlarida e'tibor berishlari kerak bo‘lgan jihat va alomatlarni sanab o‘tdi.

“Biz sezgan asosiy alomat – bu turmush tarzining o‘zgarishi. Ham ichki, ham tashqi qiyofa o‘zgaradi. Birinchidan, bu ota-onasi, yaqinlaridan yuz o‘girish, barcha oilaviy va milliy udumlardagi o‘zgarishlar. Tashqi qiyofa ham o‘zgaradi. Bu soqol qo‘yish, kalta shimlar, yon-atrofdagilarga, turmushdagi buyumlarga nojo‘ya munosabat. Bizda qabul qilingan umumma'naviy qadriyatlardan, bizning islom qolgan dinlardan nima bilan farq qilishi kabi tushunchalardan voz kechish. Bu o‘zini ko‘z-ko‘z qiluvchi fanatlikdir, Alloh yo‘lida go‘yoki barcha narsa mumkindek. O‘zini go‘yoki hech kim hech narsa bilan to‘xtata olmaydigandek tutish. Ota-onasi, yaqinlaridan voz kechish, ularga quloq solmaslik, hurmat qilmaslik. U o‘zi yashagan xonadagi barcha fotosuratlar, haykalchalarni olib tashlab, ularni Qur'on, hadislar, o‘zining ma'ruzalari bilan to‘ldirdi. Go‘yoki barcha narsani taqiqlab qo‘ydi. O‘zining farzandlarini ham hijoblarga o‘rantira boshladi. Ya'ni bizning fuqarolik jamiyatimizdagi, davlatimizdagi barcha qonunlarga to‘liq bo‘ysunmaslik”, deb ta'kidlamoqda ota.

Qo‘nis Olimjonovning fikricha, yoshlar soxta dinlarga jalb qilinishi mumkin bo‘lgan xavfli yosh 18-25 yoshni tashkil qiladi.

Yigit Qozog‘istondan oila qurgandan 5 yil o‘tib chiqib ketdi. Uning 1,5 yildan beri yo‘qligi yaqinlari ahvoliga jiddiy ta'sir qildi: g‘am-anduhdan ado bo‘lgan yigitning onasi, buvisi va bobosi hozirda shifoxonada davolanmoqdalar.

Yigit chegaralarning ochiqligi tufayli o‘z oilasi bilan mamlakatni tark eta oldi. Bunda unga “yaxshi odamlar” – o‘z hamyurtlari “ko‘magini” ayamadi. Yigit avval Qirg‘izistonga, u yerdan esa Turkiyaga jo‘nab ketgan.

“Turkiyada ularni terrorchilar safiga yuboradigan butun bir trafik yo‘lga qo‘yilgan. Bundan manfaatdor odamlar bor. Ostonada ham bundaylar bor, aynan ular o‘g‘limning oilasi bilan chiqib ketishiga ko‘mak bergan. U avval o‘zi ketdi, keyin ortidan oilasi ham jo‘nadi. O‘tgan davr ichida odamlarni yollash va ularni jo‘natish bilan shug‘ullangan notariuslar, odamlar fosh qilindi. Hozir ular bilan tegishli idoralar shug‘ullanmoqda. Ularning barchasi sud qilinmoqda. Va ayanchlisi ular begona emas, o‘zimizning qozoqlar”, deb kuyinib gapirmoqda ota.

Ota o‘g‘li nafaqat “shirin so‘z” bilan yollangani, balki unga qandaydir ruhiy ta'sir etuvchi moddalar qo‘llangan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayapti.

“Mening uch o‘g‘lim bor. Ikkisi shu yerda ishlaydi, oilalari yaxshi. Bu qabih kimsalar odamlarni yollashda giyohvand moddalar kabi qandaydir ta'sir qiluvchi moddalardan ham foydalanishdan toymaydi. Chunki bunday vositalarga tobe qilingan odamlarni sindirish osonroq”, deb o‘z so‘zini nihoyaladi dard-alamdan ichi yonayotgan ota.

Anjumanda Qozog‘iston majlisi a'zosi Serik Kanayevning bergan ma'lumotlarga ko‘ra, MDH davlatlarining Suriyada IShID safida jang qilayotgan 7 ming fuqarosi orasida 150 nafar qozog‘istonlik aniq borligi huquq-tartibot muassasalariga ma'lum. Ularning qatoriga ular bilan birga bo‘lgan 200 nafar ularning rafiqalari, bevalar va bolalarini ham qo‘shish mumkin. Bugungi kunda Qozog‘iston koloniyalarida terrorchilik va ekstremizmga aloqador bo‘lgan 500 kishi jazo o‘tamoqda. Ularning aksariyat qismini 29 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil qiladi.

Top