18:22 / 21.10.2015
3804

Qibrayda bir necha million so‘m pul va mahsulotlarni o‘g‘irlagan jinoiy guruh sudlandi

Toshkent viloyatining jinoyat ishlari bo‘yicha Qibray tuman sudida ko‘plab jinoyatlarni sodir etishga ayblanib kelayotgan jinoiy guruh a'zolari ustidan o‘tkazilgan sud yakunlandi. “Ogoh” nashrining yozishicha, jinoyatchilar uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan.

Guruh rahbari 1971 yilda tug‘ilgan Ulug‘bek Bahodirov edi. U o‘z atrofiga 1975 yili tug‘ilgan ukasi Toshpo‘lat Bahodirov, 1993 yili tug‘ilgan Tohir Murodov, 1994 yili tug‘ilgan Asror Timurov va Umid Hamdamov, 1992 yili Farhod Mirsayidovlardan iborat guruhni to‘pladi. Shuningdek, 1988 yili tug‘ilgan Dinara Abdiyevaning mashinasi borligi tufayli guruh tarkibiga jalb qilgan.

Dastlabki “ish”ni guruh shaxsiy uyga kirib, 3.5 mln so‘m o‘g‘irlashdan boshlashgan. Keyinchalik bunday ishlarni ular bir necha marotaba takrorlab, mashinalar va xonadonlar ichidagi uylarda talonchilik qilib kelishgan.
O‘z qilmishlari davomida guruh a'zolari uy va mashina egalarini qo‘rqitib, hatto ularga jarohat ham yetkazishgan. Shu bois ular o‘nlab odamlarga aziyat yetkazishda ayblandi.

Oxirgi safar Bahodirov boshchiligidagi guruh Spark mashinasini o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘ldi. Mashina Sirg‘ali bozoriga olib chiqib sotilayotganida guruhning barcha a'zolari huquq-tartibot xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Top