11:36 / 21.10.2015
4444

"Tolibon" jangarilari Hirotdagi Gurian shahriga hujum uyushtirishdi

Afg‘oniston xavfsizlik xizmati xodimlari 21 oktabrga o‘tar kechasi o‘tkazilgan harbiy amaliyotlar orqali 15 nafar jangarini yo‘q qildi. Bu haqda mahalliy hukumatdagi manbasiga asoslangan holda Sinxua agentligi xabar bergan.

"Tolibon jangarilari tomonidan Gurian uezdiga uyushtirilgan hujumga javoban o‘tkazilgan maxsus amalaiyot davomida 15 nafar jangari o‘ldirildi", deydi Afg‘oniston IIV vakili Siddiq Siddiqiy.

Agentlik ma'lumotiga ko‘ra, ushbu harbiy amaliyot Afg‘oniston g‘arbidagi Hirot viloyatida o‘tkazilgan. Jangarilar Gurian shahri hokimiyatining bir qancha binolariga o‘t qo‘yishgan. Javob hujumidan keyin ular Eron bilan chegara hududiga chekinishgan.

Qayd etish kerakki, Afg‘onistondagi vaziyat keyingi oylarda chigallashib bormoqda. Avvallari tog‘li hududlardagi kichik qishloqlarda faoliyat ko‘rsatgan "Tolibon" jangarilari endilikda katta shaharlarni egallab olishga harakat qilishmoqda.

Sentyabr oyi oxirida tolibonlar mamlakat shimolidagi 300 mingdan ortiq kishi yashaydigan Qunduz shahrini egallab olgandi. Hukumat qo‘shinlari ularni surib chiqarish uchun 10 kundan ortiq vaqt davomida harbiy harakatlar olib borishdi. Shuningdek, jangarilar G‘azna shahriga hamda Kobul viloyatiga hujum uyushtirishgan.

Top