14:41 / 22.10.2015
4306

«Dinamo» jamoasi irqchi muxlislari tufayli YeChLdan chetlatilishi mumkin

Kiyevning "Dinamo" jamoasiga "Chelsi" bilan uchrashuv vaqtidagi voqea tufayli qattiq jazo berilishi mumkin.

Jamoalarning "Olimpiyskiy" stadionida YeChLning guruh bosqichi doirasida 21 oktabr kuni o‘tkazilgan uchrashuvi vaqtida tribunada mahalliy muxlislar mehmonlarning qora tanli muxlisiga hujum uyushtirgan. Bu holat tasvirlangan video kecha ingliz matbuoti bo‘ylab tarqaldi.

UYeFA FARE (Football Against Racism in Europe) bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazishni boshlagan.
Qayd etilishicha, "Dinamo" muxlislarining shunday harakatlari "Bordo" va "Everton" jamoalariga qarshi uchrashuvlar vaqtida ham ro‘y bergandi. Shu tufayli jamoaga nisbatan qattiq jazo tayinlanishi mumkin.

Kiyevliklar YeChLda ishtirokini davom ettirishdan mahrum qilinishi mumkinligi aytilmoqda.

Ba'zi xabarlarda esa, UYeFA jamoadan ochkolarni olib tashlash bilan kifoya qilishi mumkinligi aytilgan. Kamida esa "Dinamo" keyingi uy o‘yinlarini muxlislarsiz stadionda o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, "Chelsi"ga qarshi uchrashuv oldidan Kiyev shahri ko‘chalarida bir guruh niqoblangan shaxslar mezbon jamoa muxlislariga hujum uyushtirishgandi.

Top