20:06 / 22.10.2015
4916

O‘zbekistonda IPv6dan foydalanishga o‘tish istiqbollari muhokama qilindi

2015 yil 21 oktabrda O‘zbekiston Aloqa tarixi muzeyida telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari uchun IPv6 (Internet Protocol version 6) protokolidan foydalanishga o‘tish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasiga oid loyihalar muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda IPv6 manzillashtirilishini joriy etish internet va telekommunikatsiyalar rivojida muhim bosqich ekani, bu ish iqtisodiy, texnik va ekspluatatsion omillarga bog‘liq bo‘lgani sababli uzoq muddatga mo‘ljallangan loyihaga avvaldan tayyorgarlik ko‘rish zarurligi ta'kidlandi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda telekommunikatsiya sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan 24 kompaniyaning 60 nafardan ziyod vakili ishtirok etdi.
IPv6 (ingl. Internet Protocol version 6) — alohida kompyuter tarmoqlarini butun dunyo internet tizimiga ulashga xizmat qiladigan IP (tarmoqlararo) protokol bo‘lib, tarmoqlarni manzillashtirish uning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Uning ishlab chiqilishiga eng so‘nggi namuna – IPv4 protokolidagi ko‘plab muammolar sabab bo‘lgan edi. Ya'ni, ayni paytda O‘zbekistonda amalda qo‘llanib kelinayotgan IPv4 protokolidan internetda foydalanishda 128 bitli uzun manzillardan foydalaniladi. Yangi namunada esa bu ko‘rsatkich 32 bitni tashkil etadi.
IPv4 manzilli makoni o‘z nihoyasiga yetishi bilan bir vaqtning o‘zida ikkita – IPv6 va IPv4 protokollaridan parallel (ingl. dual stack) foydalanishda davom ettiriladi. Bunda yangi manzillashtirishning ulushi IPv4 nisbatan muntazam ravishda oshirib boriladi. Bu holat, IPv6 protokolini qo‘llab-quvvatlamaydigan uskunalar sonining ko‘pligi sababli, faqatgina IPv6dan foydalanuvchi texnologiyalar to‘liq joriy etilguniga qadar davom etadi.

Top